Saratovdagi YTHda jarohatlanganlar shaxsi aniqlandi. 1 nafari samarqandlik ayol

Avvalroq, Rossiya Federatsiyasi Saratov oblastida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Tashqi ishlar vazirligi, uning hududiy konsullik xizmati xodimlari tomonidan voqeaga aniqlik kiritish maqsadida o‘zaro ma’lumotlar almashinuvini olib bordi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 16 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 08:20 da Rossiya Federatsiyasi Saratov oblasti Tatishev rayoni hududidan o‘tuvchi federal ahamiyatga ega bo‘lgan R-158 “Nijniy Novgorod-Arzamas-Saransk-Issa-Penza-Saratov” avtomobil yo‘lining 580 kilometrida Polchaninovka aholi yashash punktidan 30 kilometr shimoliy-g‘arbiy yo‘nalishda “Volga-GAZ-3110” avtomobili hamda “HYuNDAI” miniven avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Buning oqibatida jami 9 nafar fuqarolar tan jarohati olgan. Shulardan, 4 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, vafot etgan fuqarolarning ikki nafari O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan. Shuningdek, 5 nafar fuqarolar turli darajadagi tan jarohatlari bilan Saratov shahar viloyat klinik kasalxonasiga yotqizilgan. Ularning 3 nafari hamyurtlarimiz bo‘lgan.

Yo‘l-transport hodisasi konsullik xizmati xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor harakatlar natijasida halok bo‘lgan va jabrlangan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritildi:

Vafot etgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari:

⚫Boltaboyev Nodir, 1979 yilda tug‘ilgan (Farg‘ona viloyati, Quvasoy shahrida istiqomat qilgan).

⚫Sobirov Sardorbek, 1997 yilda tug‘ilgan (Farg‘ona viloyati, Bog‘dod tumanida istiqomat qilgan).

Tan jarohati olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari:

⚫Muhammedova Gulorom, 1968 yilda tug‘ilgan (Samarqand viloyati, Samarqand shahrida istiqomat qiladi).

⚫Ibatov Sunnat, 1989 yilda tug‘ilgan (Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida istiqomat qiladi).

⚫Balliyev Isa, 1998 yilda tug‘ilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xo‘jayli tumanida istiqomat qiladi).

Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, vafot etgan fuqarolarning qarindoshlariga xabar berish va jasadlarini “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK aviatransporti orqali O‘zbekistonga olib kelish hamda tan jarohati olgan fuqarolarga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.