Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘rtoq boshliq, idorangizda yurist bormi?

Yashirib nima qildik: yuridik xizmat, yuriskonsult deganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngiga shunchaki rasmiyatchilik uchun ishlayotgan huquqshunos keladi. Shuning uchun ko‘pchilik idoralar ular uchun shtat ajratmaydi.

Xo‘sh, bitta idoraga yurist kerakmi? Ular aslida qanday bo‘lmog‘i, nima ish qilmog‘i kerak?

Birinchidan, har bir davlat idorasiga bir nafar yurist kerak. Buni Prezidentimiz  2017 yil 19 yanvardagi «Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida alohida belgilab qo‘ydi. Ya’ni, qaror bilan davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlari lavozimga majburiy tartibda Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda tayinlanadigan va ozod qilinadigan bo‘ldi. Bundan tashqari, adliya organlariga yuridik xizmat faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablarini buzgan davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlariga nisbatan intizomiy ish yuritishni qo‘zg‘atish tashabbusi bilan chiqish huquqi berildi.

Ikkinchidan, huquqshunos chuqur bilimli, dunyoqarashi keng, zamon bilan hamnafas, qonun ustuvorligini ta’minlashga mas’ul mutaxassis bo‘lishi lozim.

Uchinchidan, yuridik xizmat xodimi tashkilotda buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik xususiyatga ega bo‘lgan boshqa hujjatlarning loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi, uning qonunga mosligini ta’minlaydi. Shuningdek, o‘zining tashkiloti ishtirokida vujudga keladigan har qandays nizolarni sudgacha hal etish yuzasidan choralar ko‘radi. Bu norma, o‘z navbatida, davlat organlarida qabul qilinadigan hujjatlarga huquqiy baho berish, ularni ijroga qaratishdan oldin “filtr”dan o‘tkazish masalalarini ko‘zda tutadi.

Tabiiyki, yuridik xizmat xodimlariga belgilab berilgan bunday mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirishda hamda faoliyatini izchil olib borishda yetarlicha shart-sharoit ham bo‘lishi lozim. Jumladan, yuridik xizmat xodimining ish joyini moddiy-texnika jihatidan jihozlashga doir minimal talablar belgilangan.

Xo‘sh, Paxtachi tumanida yuridik xizmat xodimlarining ish joyi minimal talablarga muvofiq ta’minlanganmi?

Shu savolga javob topish maqsadida tuman adliya bo‘limi tomonidan Paxtachi tuman davlat soliq inspeksiyasi hamda tuman maktabgacha ta’lim muassasasida yuridik xizmat xodimiga mehnat faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganligi o‘rganildi. Natijada ushbu bo‘limlarning yuriskonsulti uchun yuridik xizmati xodimlarining ish joyini moddiy-texnika jihatidan jihozlashga doir minimal talablar yaratilmaganligi aniqlandi. Shu sababli bu muassasalarga nisbatan ta’sir choralari kiritildi.

Bundan anglanadiki, korxona-tashkilot rahbarlari, avvalo, idorasida yuridik xizmat – huquqshunos shtatini tashkil etishi lozim. Va albatta ularning samarali ishlashi uchun zarur sharoitlarni yaratib qo‘yishi ham shart.

Nuriddin GUBAYeV,

Paxtachi tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.