O‘zbekiston armiyasida zobitlar iste’foga qanday kuzatiladi?

O‘zbekiston armiyasida kamida yigirma kalendar yili mobaynida harbiy xizmatni benuqson o‘tagan ofitserlar tarkibiga qimmabaho sovg‘a va pul mukofoti berilishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, harbiy kiyim-kechak kiyish va farqlovchi nishonlarni taqish huquqiga ega bo‘ladi. Harbiy qism shaxsiy tarkibi oldida tantanali tarzda iste’foga kuzatiladi.

Kecha, 15 may kuni Markaziy harbiy okrugga qarashli Kattaqo‘rg‘on garnizonida podpolkovnik Asadullo Abdurahmonov o‘zgacha tarzda iste’foga kuzatildi. Unga o‘zbekona to‘n va do‘ppi kiydirildi. Esdalik sovg‘alari qatorida “gayka klyuch” berildi. Zahiradagi ofitser uchun bu kutilmagan va antiqa sovg‘a bo‘ldi. U 24 yildan buyon jangovar texnikalarga xizmat ko‘rsatish mutaxassisligida fidoyilarcha mehnat qilib kelgan.

– Harbiylarning iste’foga chiqishi katta tantana, bayram aslida. Ushbu marosim harbiy an’analardan biri hisoblanadi. O‘tgan vaqt ichida katta ofitser Asadullo Abdurahmonov harbiy qism jangovar shayligini oshirishga hissa qo‘shdi. Jangovar texnikalar har doim shay holatda bo‘ldi. O‘zini bilim va ko‘nikmalarini yosh harbiy xizmatchilarga o‘rgatdi. Uning shogirdlari 2019 yil «Armi-2019» xalqaro musobaqasida ishtirok etib, sovrindor bo‘ldi. Bugun uni katta xursandchilik bilan istefoga kuzatmoqdamiz, – deydi podpolkovnik Firdavs Umarov.

O‘tgan yillar davomida rezervga bo‘shatilgan aksariyat harbiylarga uzoq umr ko‘rsin, deya “hassa” sovg‘a qilingan. Artilleriyachilarda esa biroz boshqacha, ya’ni ular safdoshini qurol maketi bilan siylashadi.

G‘ayrat Madrahimov.