Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov vafot etdi

Uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng, 26 mart kuni O‘zbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Oxunjon Hakimov 1934 yilning 20 fevralida Farg‘onaning Log‘on qishlog‘ida dunyoga kelgan. Farg‘ona davlat pedagogika institutini tugatgan. “Kommuna” nomli viloyat, “Sovet O‘zbekistoni” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetalarida, “Mehnat va turmush” jurnalida faoliyat ko‘rsatgan.

“Dostonlar” (1970), “Ko‘llarim ko‘ksimda” (1976), “Tafakkur boqiy” (1982), “Vatan qasidasi” (1984), “O‘shal kun kelur” (1990), “Ko‘zlaringni o‘zi qaro” (1992), “Qizlar xayol sursalar” (1995), “Muhabbatni ko‘zlardan izlang” (1996), “Malaklar surati” (2004), “Dunyo, dunyo…” (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

Nasriy asarlari ham bor (“Bahor hidi”, 1971; “Burgut hamlasi”, 1972). “Qo‘sh kabutarlar” (2001), “Baqiroq tuyaning tushlari” (2003), “Bu chollar yomon chollar” (2004) kabi pesalari respublika teatrlarida sahnalashtirilgan.

Oxunjon Hakimovning hazil-mutoyibalari ham ajoyib. Ularda o‘sha vodiy qiziqchiligi, askiyachiligi an’analari yangidan tug‘ilgan, jonlanganday bo‘ladi. Bu jihatdan shoirning “Yashasin, dovdirlar”, “Yasha, so‘rg‘ich”, “Qatiqxo‘r”, “Qadr”, “Xotinimning muovini” kabi hikoyalari e’tiborga loyiq.

Shoir yaratgan “Qo‘llarim ko‘ksingda”, “Tafakkur boqiy”, “O‘shal kun kelur” kabi dostonlar ham kitobxon tomonidan iliq qarshi olingan.

Oxunjon Hakimov “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan (1998). 2006 yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoni berilgan.