Jumboqligicha qolayotgan fokuslar
Garri Gudini XX asr boshlaridagi eng mashhur ko‘zboylag‘ich edi. Uning ayrim tomoshalari - fokuslari hamon sirligicha qolmoqda.
1903 yilda tomoshalardan birida uni kishanlab, bo‘yniga og‘ir temir shar bog‘lashib Temza (Angliya) daryosi ko‘prigidan suvga uloqtirishadi. Suv fokuschini o‘z domiga tortib ketadi. Ammo oradan bir necha daqiqa o‘tgach, u kishan va og‘ir shardan xolos bo‘lib daryodan chiqib keladi.
1906 yildagi tomosha yanada hayratli bo‘ldi. Gudini qo‘l-oyoqlarini og‘ir zanjir bilan kishanlab ko‘prik tuynugidan suvga tashlashadi. Ko‘p o‘tmay tomoshabinlar uni o‘ldiga chiqarib dahshatga tushadi, jurnalistlar esa Gudini halok bo‘lganini tahririyatga xabar qilish uchun shoshilishadi. Ammo u 10 daqiqadan so‘ng kishanlardan xalos holda suvdan chiqib keladi.
Gudini qanday qilib uzoq vaqt suv ostida turdi? Qanday qilib og‘ir zanjirlardan qutuldi? Jumboq! Aql bovar qilmaydi.
Ko‘p o‘tmay Gudini yanada murakkab fokus namoyish etdi. Ko‘zboylag‘ichni ichi o‘tkir mixlar qoqilgan yashikka solishdi va ko‘prikdan suvga uloqtirishdi. Yashik qopqog‘i qattiq mixlangan edi. Fokuschining qo‘llari kishanlangan, yashik ichiga og‘ir cho‘yan toshlar solingan edi. Yashik uloqtirilgan zahoti suv tubiga g‘arq bo‘ldi. “Endi tamom!” tomoshabinlarni nafasi ichiga tushib ketdi. Biroq oradan bir daqiqa o‘tib kishan va yuklardan xalos bo‘lgan fokuschi suvdan soppa-sog‘ chiqib keldi. Qanday qilib? Bu savolga hamon na ilm-fan, na birorta odam javob topolgani yo‘q.
T.Shomurodov tayyorladi.