Qalam va taqdir sinovlarida toblangan adib
O‘ktamjonni o‘n ikki-o‘n uch yoshlaridan buyon taniyman. O‘sha paytlarda u maktabning yettinchi sinfida o‘qirdi. O‘zining kichik-kichik xabar va maqolalarini olib, tahririyatga tez-tez kelib turardi.
Men “Paxtakor ovozi” (hozirgi “Navqiron Narpay”) gazetasining madaniyat bo‘limida ishlardim. Keyinchalik u she’rlar ham mashq qila boshladi. Oradan ko‘p o‘tmay negadir u tahririyatga kelmay qo‘ydi. Aniqrog‘i, yozmay qo‘ydi. O‘shanda gazetaga obuna bahonasida u o‘qiydigan maktabga bordim. Pirovardida, kichik jamoatchi muxbirimiz bo‘lib qolgan O‘ktamjonni ham surishtirdim. Maktab direktori Rahmon Obilov u haqda juda iliq gaplarni aytdi. Uning a’lo baholarga o‘qishi, jamoat ishlarida faolligi, hatto, ma’rifat maskani devoriy gazetasini ham chiroyli va sermazmun qilib chiqarib kelayotganligini alohida tilga oldi. Ayniqsa, uning yaqinda “Mushtum” jurnalida bosilib chiqqan “Zirabuloq” temir yo‘l stansiyasi vokzalidagi ayanchli ahvol haqidagi tanqidiy maqolasi ancha shov-shuvga sabab bo‘lganligini, o‘sha maqoladan so‘ng vokzaldagi yo‘lovchilarning poyezdga chiqish joyidagi kamchiliklarga barham berilganligini aytdi.
O‘z navbatida men O‘ktamjon gazetaning faol jamoatchi muxbiri ekanligini, biroq keyingi paytlarda gazetaga yozmay qo‘yganligini ta’kidladim.
Maktab direktori uni idoraga chaqirtirdi. Oradan ko‘p o‘tmay u iymanibgina direktor xonasiga kirib keldi.
Ma’lum bo‘lishicha, muxbirlardan biri uning gazetaga taqdim etgan she’rlarini tanqid qilgan ekan. U bundan xafa bo‘libdi. Biz unga tanqid kelajakning mevasi ekanligini, aksincha, undan to‘g‘ri xulosa chiqarib, dadil olg‘a intilish orzuga yetaklashini yotig‘i bilan tushuntirdik, tasalli berdik. Shunda uning yuz-ko‘zlarida umid uchqunlari paydo bo‘ldi.
Ertasi kuni u maktab hayotidan kattagina maqola yozib, tahririyatga olib keldi. Shundan so‘ng O‘ktamjon bilan aloqamiz mustahkamlanib ketdi. Ayniqsa, muharririyatga yaqindan qatnab ishlashimiz uchun oilamiz bilan ular yashaydigan mahallaga ko‘chib borganligimiz qo‘l keldi. Endilikda u faqat muharririyatga emas, xonadonimizga ham tez-tez kelib, qaysi mavzularda ko‘proq maqolalar yozish kerakligi haqida maslahatlashardi. O‘zining kichik-kichik she’r va hikoyalarini ham olib keladigan bo‘ldi. Oilamizning yaqin insonlaridan biriga aylandi.
Yuqori sinflarda o‘qiyotganda uning nafaqat maktab hayotidan, balki xo‘jalik, korxona va tashkilotlar faoliyatidan yozgan maqola va lavhalari, tanqidiy materiallari, shuningdek, she’r va hikoyalari nafaqat tuman gazetasida, balki viloyat va respublika gazeta-jurnallarida ham bosilib chiqa boshladi. Bular o‘z navbatida yosh ijodkorning ko‘plab kitoblarni o‘qishi, tinimsiz izlanishi, taniqli o‘zbek yozuvchi va shoirlari bilan bir qatorda jahon adabiyoti klassiklarining ijod namunalari bilan qiziqishi, ular asarlarini chuqur mutolaa qilishi samarasi edi, albatta.
O‘rta maktabni muvaffaqiyatli bitirgach, u Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetiga hujjat topshirib, talaba bo‘ldi. O‘qish, o‘rganish va ijod olamiga sho‘ng‘ib ketdi. Bu borada unga qarindoshi, shoir Otayor yordam berdi. Shu tufayli u bir qator taniqli ijodkorlar, shu jumladan, shoir Mirtemir bilan yaqin muloqotda bo‘lib, undan qimmatli maslahatlar oldi.
Dorilfununni bitirgach, dastlab “Toshkent oqshomi” gazetasida, keyinchalik O‘zbekiston Milliy axborot agentligida, “Guliston” jurnalida, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasida, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Hurriyat” gazetalarida, O‘zbekiston kinematografiya Davlat qo‘mitasida samarali faoliyat ko‘rsatdi. “Ogoh ko‘ngil”, “Yaxshi kunlar quvonchi”, “Tuproq hidi”, “Amakimning kasali”, “So‘z ishqi”, “Sog‘inch daftari” singari qator kitoblar yozdi.
Adabiyotning katta yo‘liga tushib olib, ijodi gurkirayotgan bir paytda oilaning boshiga og‘ir musibat tushdi. Avtohalokat tufayli oliy o‘quv yurtini imtiyozli tugallab, ko‘pchilik tengdoshlaridan ancha ilgarilab ketgan yolg‘iz qizi Umidaxon va o‘g‘li Muzaffarjon bevaqt hayotdan ko‘z yumdilar. O‘ktamjon va turmush o‘rtog‘i O‘lmasxonlar o‘sha og‘ir kunlarni, bu ayanchli voqeani eslaganlarida beixtiyor qalblari zirqirab, ko‘z yoshlarini tiyolmay qoladilar. Nachora! Taqdir zarbasiga chidamay bo‘ladimi?! Bunday paytda o‘g‘li Mahkamjon opasi va ukasining o‘rnini bildirmaslikka harakat qiladi.
O‘ktamjon ayni paytda “Guliston” va “Teatr” jurnallari birlashgan tahririyatida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib faoliyat ko‘rsatish bilan birga O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bo‘lajak jurnalistlarga ijod sirlarini o‘rgatayotir.
Uning adabiyotimiz, xususan, o‘zbek jurnalistikasi rivojidagi xizmatlari munosib taqdirlangan. U jurnalistika sohasidagi bir qator ko‘rik-tanlovlar sovrindori. “Mehnat shuhrati” ordeni va “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.
“Shoirning ko‘nglidan uchib chiqqan so‘z va ohanglar bahor qaldirg‘ochlari singari sizning ham qalbingizga qo‘nib o‘tsa, mehringizni uyg‘otsa, hislaringizga qanot bag‘ishlasa, ijodkor uchun bu katta baxtdir. O‘ktam Mirzayorning shunday baxtga doimo sazovor bo‘lib yurishini chin dildan istayman”, degan edi O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov O‘ktamjonning “So‘z ishqi” deb nomlangan kitobiga yozgan so‘zboshisida.
Darvoqe, men ham uning qalb tubidagi so‘zlarni tizib, dastxat yozib bergan har bir kitobini qo‘limga olganimda undagi satrlarga ko‘z yugurtirar ekanman, uni yoshligida ijodga ruhlantirgan ustoz sifatida sevinchdan boshim osmonga yetguday bo‘ladi. Uning hayotdan, adabiyot olamidan o‘z o‘rnini topganidan, u bugungi kunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, keng kitobxonlar ommasining e’tiborini qozongan, ham nasrda, ham nazmda qalam tebratayotgan shoir va yozuvchi bo‘lib tanilganidan benihoya xursand bo‘lib ketaman. O‘z navbatida qutlug‘ yetmish yosh ostonasida turgan serqirra adibga uzoq umr, oilaviy totuvlik, sihat-salomatlik va ijodiy parvozlar tilab qolaman.
Rizo Xudoyqulov,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.