SIUT talabalari xalqaro “Qishki universitet – 2025” g‘oliblari safidan joy oldi
Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligi tashabbusi bilan Samara milliy tadqiqot universitetida “Muhandislik fanlari bo‘yicha qishki universitet” xalqaro ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli loyiha bu gal Samara bilan birga Sankt-Peterburg politexnika universiteti va Novgorod davlat universiteti maydonlarida ham o‘tkazildi.
Forumda Armaniston, Belarus, Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Serbiya, Tojikiston, O‘zbekiston, Janubiy Afrika Respublikasi hamda Rossiyaning turli hududlaridan kelgan 600 nafardan ortiq yosh muhandis-talabalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT)ning 14 nafar talabasi forumda faol qatnashdi.
“Qishki universitet” dasturi talablariga ko‘ra, ishtirokchilar 22 ta jamoaga bo‘linib, uchuvchisiz havo tizimlarini loyihalash hamda aviatsiya va kosmik tizimlar muhandisligi yo‘nalishlarida bellashdi. Dasturlar doirasida talabalar real sanoat keyslari, laboratoriya mashg‘ulotlari va loyiha ishlari orqali o‘z bilimlarini mustahkamladi.
Yakuniy bosqichda loyihalar ekspertlar hay’ati oldida himoya qilindi. Uchuvchisiz aviatsiya tizimlari yo‘nalishida SIUT talabalari barcha sovrinli o‘rinlarni egallagan jamoalar tarkibida ishtirok etdi. Xususan, 1-o‘rinni egallagan “Piroplomba” jamoasi safida Kamilla Abdullayeva, 2-o‘ringa loyiq ko‘rilgan “Xalqaro talabalar hamjamiyati” jamoasi tarkibida Navruhon Atavullayev va Boburmirzo Temirov hamda 3-o‘rin sohibi bo‘lgan “Random” jamoasida SIUTning School of Computing fakulteti talabalari o‘z iqtidorlarini namoyish etdi.
- Ushbu natijalar SIUTda so‘nggi yillarda shakllanayotgan zamonaviy muhandislik ta’lim muhitining amaliy samarasidir, - deydi SIUT Kreativ muhandislik markazi direktori Ulug‘bek Amonov. - Bu jarayonda 2024 yilda tashkil etilgan Kreativ muhandislik markazi muhim o‘rin tutadi.
Asila Ibragimova.