Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Pandemiya sharoitida iqtisodiyot: muammolarning yechimi bor

Koronavirus pandemiyasi natijasida bugun jahon iqtisodiyotining barcha real tarmoqlarida sanoat, qishloq ho‘jaligi, savdo, qurilish, transport, turizm va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida sezilarli darajada pasayish va ishsizlik kuzatilmoqda.

Insoniyat o‘z tarixida juda ko‘p falokatlarni boshidan kechirgan, bir necha bor turli ko‘rinishdagi inqirozlar ro‘y bergan bo‘lsa-da bunaqa holat kuzatilmagan, deb ta’kidlanmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) dunyoni qamrab olgan pandemiyaning chuqur ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlari kundan-kunga og‘irlashib borayotganligini qayd etmoqda.

Oldinlari inqirozlar asosan iqtisodiy bo‘lib, ma’lum darajada ijtimoiy hayotga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Bugungi inqiroz esa ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan bab-baravar baholanmoqda.

JSST rahbari Tedros Adan Gebreisus Jenevadagi tashkilotning bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan kundalik brifingda karantin choralari shoshilinch ravishda olib tashlalanmasa, bu global iqtisodiy sekinlashuvga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha jahon savdo aylanmasi 30 foizga kamayadi, 40 milliondan ortiq kishi ishsiz qolishi ehtimoli mavjud. Yevropa ittifoqi davlatlarida 2020 yilning boshida ishsizlik darajasi o‘rtacha 6,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Ispaniya, Italiya, Fransiya, Gretsiya kabi davlatlarda o‘rtacha 12 foizdan oshishi kutilmoqda. Joriy yilning may oyida ishsizlik darajasi AQShda ham misli ko‘rilmagan darajada oshgani aytilmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining joriy yil birinchi yarmida bazaviy prognozlariga ko‘ra, 2020 yilda jahon iqtisodiyoti 3 foizga qisqarishi kutilmoqda. Iqtisodiy pasayish rivojlangan davlatlarda 6,1 foizni (shu jumladan, AQShda 5,9 foiz, Yevrohudud mamlakatlarida 7,5 foiz), rivojlanayotgan mamlakatlarda 1 foizni, shuningdek, Rossiyada 5,5 foizni va Qozog‘istonda 2,5 foizni tashkil etishi mumkin.

Jahonda sodir bo‘layotgan bunday vaziyat O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini o‘tkazib turibdi. Joriy yil birinchi choragida mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davrga nisbatan 1,6 foizga pasayishi kuzatilgan. Bundan tashqari, investitsiyalar o‘zlashtirish hajmi ham sezilarli qisqargan. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotining joriy holati va kutilayotgan tendensiyalar bo‘yicha ma’lumotida qayd etildi. 2020 yilning ikkinchi choragida esa iqtisodiy o‘sish sur’ati 4,1 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichiga (5,7 foiz) nisbatan 1,6 foiz kamayishi kuzatilgan.

Ushbu holatlar mamlakatimizda ham bir qancha muammolarni keltirib chiqarmoqda va mavjud ayrim muammolarni yanada kuchaytirmoqda. Shu sababli davlatimiz tomonidan karantin sharoitida ishlash, ayniqsa, ishsizlik va oziq- ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga jiddiy e’tibor qartilmoqda.

O‘zbekistonda pandemiya sharoitida vujudga kelgan umumiy muammolarni hal qilishning o‘ziga xos yo‘llari ishlab chiqildi. Davlat rahbari va hukumat tomonidan bir qator muhim farmon va qarorlar qabul qilindi. Shu asosida moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi. Iqtisodiyotda band bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga soliq to‘lash muddati kechiktirildi, ayrim subektlar esa joriy yil oxirigacha soliq to‘lovidan ozod etildi. Tadbirkorlik sub’yektlari va korxonalarga qator imtiyozlar taqdim etildi, ayrim qarzdorliklar kechiktirildi, debitorlik qarzdorlik uchun jarima qo‘llash to‘xtatildi, auditorlik tekshirishlar yil oxirigacha bekor qilindi, koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘rilgan talofatlarni kamaytirish bo‘yicha yana boshqa bir qator yengilliklar berildi.

Mamlakatimiz YaIMni yaratishda xizmat ko‘rsatish sohasining o‘rni va roli sezilarli darajada bo‘lib, qariyb uning yarmini tashkil qilardi. Hozirgi kunda xizmatlar sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi o‘rtacha 35 foizdan yuqori bo‘lsa-da faoliyati cheklangan xizmat turlarining ushbu ko‘rsatkichdagi ulushi 10 foizni ham tashkil etmaydi. Xizmat ko‘rsatishning pasayishi talabning taklifga nisbatan yuqoriligini ta’minlaydi, bu esa narxlar muvozanatiga ham salbiy ta’sir o‘tkazadi. Iqtisodiy pasayish holatining davomiy bo‘lishi ishsizlik muammosining yanada kuchayishiga olib keladi, uning darajasini oshiradi va aholining to‘lov qobiliyati keskin tushib ketishiga sabab bo‘ladi.

Ishsizlik muammosi O‘zbekistonda ham boshqa davlatlar qatori asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu muammo nimalar evaziga paydo bo‘ldi?

Birinchidan, juda ko‘p korxonalar faoliyatini to‘xtatdi.

Ikkinchidan, tashqarida ishlab yurgan yurtdoshlarimiz qaytib keldi va ularning yana orqaga qaytib ketishga imkoniyati cheklangan.

Uchinchidan, har yili minglab mehnatga qobiliyatli aholi yetishib chiqadi. Bularning hammasiga yangi ish o‘rni kerak bo‘ladi.

Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatib turgan xodimlarning ishsiz bo‘lib qolish jarayoni asosan xizmat ko‘rsatish sohalarida namoyon bo‘la boshladi, ya’ni xizmat ko‘rsatish sohalari – aviatsiya, temir yo‘l, turizm, mehmonxonalar tarmog‘i, ovqatlanish va boshqalar faoliyati deyarli to‘xtab qoldi.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarning 3 millionga yaqini Rossiya va Qozog‘istonda faoliyat yuritishi, ushbu davlatlarda ham hozirgi vaqtda pandemiyaning ta’siri tufayli ishsizlikning yuzaga kelishi natijasida ularning ma’lum qismi vatanimizda ekanligi, chegaralarning yopilishi ishchi kuchi migratsiyasining to‘xtashiga olib keldi va iqtisodiy jarayonlarga yanada salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, ayni paytda yurtimizda 12-15 foiz yoki 4-5 million aholi kambag‘allik darajasida yashayotganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Bularning ham aksariyat qismi munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lmaganlar va ishsizlardan iboratdir.

Oziq-ovqat muammosi – bu mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi-ning ta’siri natijasida yuzaga keladigan nozik muammolardan biridir. Bunga karantin paytida ishning nisbatan “to‘xtab” qolishi sabab bo‘lsa, yana bir muammo xalqaro aloqalarning uzilishi, chegaralarning yopilishi, tashish xizmatlarining pasayishi tovar va xizmatlarning almashinuvi bilan bog‘liq. Bir qator davlatlarda epidemioligik vaziyat va karantin qishloq xo‘jalik ishlarini batamom to‘xtatib qo‘ydi. Dunyoning ko‘pgina davlatlari oziq-ovqat havfsizligini ta’minlash maqsadida ma’muriy va iqtisodiy cheklovlarni qo‘llamoqda. Natijada bizning hamkorlarimiz ham mahsulotlarini bizga ham sotishni to‘xtatib qo‘ydi.

Jumladan, Rossiya 1 iyulgacha bug‘doyni chetga olib chiqishni taqiqladi. Javdar, arpa va makkajo‘xori eksportini ham vaqtincha to‘xtatdi va buni mamlakat ichki ehtiyojlarini qondirish zaruriyati bilan izohlaydi. Qozog‘iston esa qo‘shnilari – O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga 1 avgustgacha har oy 200 ming tonna bug‘doy, 60 ming tonna un eksporti kvotasini joriy etdi. YevroOsiyo Iqtisodiy Ittifoqi hududidan tashqariga piyoz, sarimsoq, javdar, sholg‘om, guruch, yorma, g‘alla-don, qorabug‘doy, tariq, butun donli un, tozalangan grechka, soya dukkaklari, kungaboqar urug‘larini olib chiqish 30 iyunga qadar taqiqlandi. Ushbu mahsulotlarning asosiy ishlab chiqaruvchilari - Rossiya va Qozog‘iston hisoblanadi.

Ukraina esa joriy yilning 1 iyuliga qadar grechkani eksportga chiqarishni taqiqladi.

Osiyo davlatlari dukkakli mahsulotlar va guruch eksportiga kvota belgiladi.

Umuman olganda, barcha davlatlar avvalo o‘zida oziq-ovqat muammosini hal qilishning chora-tadbirlari ishlab chiqa boshladi. Bunday sharoitda O‘zbekiston qanday yo‘l tutishi kerak,  ushbu muammolarni hal etish uchun nima qilish lozim va yana nima ishlarni amalga oshirish mumkin, degan savollar ko‘ndalang bo‘lib turibdi.

Ishsizlik va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish yo‘llaridan biri – tomorqadan samarali foydalanish bilan bog‘liq. Bugungi kunda hukumat tomonidan tomorqada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 350 milliard so‘m ajratildi. Meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlari yetishtirish hajmini 2 barobar oshirish, qoramol boqish bo‘yicha oilaviy kooperatsiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, har bir oilani parranda boqqan davri uchun 500 ming so‘mdan rag‘batlantirish kabi amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Albatta, butun mamlakat aholisining hayoti uyda kechayotgan bir paytda to‘q yashashning muhim omillardan biri qishloq joylarida tomorqa va qishloq xo‘jaligidan foyda olishdan boshqa yana nima bo‘lishi mumkin?     Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan kelgan mehnat muhojirlarimizning asosiy qismi qishloq joylari istiqomat qiladi. Davlatlar o‘rtasidagi chegaralarning yopiqligi, xalqaro ishchi kuchi migratsiyasining vaqtinchalik inobatga olinganligini hisobga olib, tomorqadan unumli foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish jarayonida vaqtinchalik ishsiz hisoblangan mehnat muhojirlari ham faol qatnashsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Prezidentimiz 2020 yil 8 aprelda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, tomorqachilikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha, 14 aprel kuni esa ushbu masalani yanada chuqurlashtirish hamda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini yanada oshirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilish o‘tkazib, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasi vakillari uchun ushbu inqiroz katta sinov bo‘lishi bilan birga, keng imkoniyatlar davri ekanligini qayd etdi. Bu borada kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rish yo‘llari ham ko‘rsatib berildi. Chunki oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojning 80 foizdan ortiqrog‘i aynan qishloq xo‘jaligi orqali qondiriladi.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mamlakatimizda aholining daromadlarini oshirish, bandligini ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini to‘liq bartaraf qilish bilan birga, meva va sabzovotlarni xorijiy mamlakatlarga eksport qilishdek katta imkoniyatlarga ham ega. Chunki soha xodimlarining o‘z kuchlarini to‘liq safarbar qilib ishlashi, ish natijasi bo‘yicha manfaatdorlikka ega bo‘lishi uchun imkoniyat yaratilgan.

Mazkur vileoselektorlarda va vaziyatni yumshatish bo‘yicha qabul qilinayotgan farmon va qarorlarda aholi, ayniqsa qishloq xo‘jalik xodimlari oldiga bir qancha ustuvor vazifalar qo‘yildi. Bular nimalardan iborat?

Birinchidan, mamlakatimizda mavjud sug‘oriladigan va ekin ekaladigan yerlardan unumli foydalanish lozim. Har bir qarich yerdan imkon qadar uch marta, bo‘lmasa ikki marta hosil olish choralarini ko‘rishga to‘g‘ri kelmoqda.

Ikkinchidan, har bir hududga mos ekinlarni ekish, yangi hosildor navlarni yetishtirish, imkoniyati bor joylarda zamonaviy innovatsion texnologiyalarga asoslangan issiqxonalarni ko‘paytirish, tomorqadan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratish. Bu boradagi ishlarni butun mamlakat bo‘ylab ommalashtirish zarur.

Uchinchidan, hosildor va sermahsul chorva mollarini ko‘paytirish, xorijdan keltirilgan, mamlakatimizga moslashtirilgan chorva mollarini barcha hududlarda tarqatib, mahsuldorlikni ko‘tarishga erishish.

To‘rtinchidan, yangi yerlarni o‘zlashtirish, urug‘chilikni rivojlantirish, chetdan olib kelinayotgan urug‘larni o‘zimizda yetishtirish va mineral o‘g‘itlarni shularga mos holda ishlab chiqarish.

Beshinchidan, mamlakatimizga import qilinadigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, ayniqsa g‘alla va boshqa mahsulotlar o‘rnini qoplash bilan birga, ularning o‘rniga meva-sabzovot mahsulotlarini eksport qilish.

Oltinchidan, chorva mollariga ozuqa, qishloq xo‘jalik ekinlariga mineral o‘g‘it tayyorlash masalasiga alohida ahamiyat qaratish.

Yettinchidan, aholi uy sharoitida band qilish maqsadida chorvachilik, parandachilik, baliqchilik, ipakchilik, asalarichilik, kasanachilikni rivojlantirish.

Sakkizinchidan, barcha tadbirlarni moliyalashtirish, imkon qadar tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan, yetishmagan joylarda tijorat banklari mablag‘laridan samarali foydalanish mexanizmini yanada takomillashtirish.

Shu va boshqa choralar davlatimiz va xalqimizning bugungi pandemiya davridan kam talofat bilan, iqtisodiy va ijtimoiy muammolar ko‘payib ketishining oldini olgan holda chiqishiga yordam beradi.

 Mamayunus PARDAYeVSamarqand iqtisodiyot va servis instituti professori,

iqtisod fanlari doktori.

Alisher EShTAYeVSamarqand davlat universiteti prorektori,

iqtisod fanlari doktori, dotsent.

 O‘zA.