Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qahramonlik mazmuni

Hasan Normurodovni viloyatda kattayu kichik, hatto barcha kasb egalari USTOZ deb atashadi. Bu bejiz emas, chunki otaxon hamma bilan gaplasha oladi. Muloqot uslubi ham oddiy, avval suhbatdoshini kuzatadi, gapini eshitadi, ko‘nglini bilgach, keyin o‘z xulosalarini aytadi.

- Insonni tarbiyalash uchun uning kamchiligini yuziga solish, dakki berish shart emas, - deydi Hasan Norbekovich. – Eng maqbul yo‘l shaxsiy ibratdir.

Bu inson mana 80 yildirki, ana shu aqidaga rioya etib yashaydi. Kitob, gazeta o‘qimagan kuni yo‘q. Tag‘in ayrim ko‘rsatuv, maqola yoki kitob mualliflarini tabriklab qo‘yishga ham vaqt topadi. Muhimi, jamiyatdagi voqealarga befarq emas. Har bir soha xodimlariga ishni oqilona tashkil etish bo‘yicha maslahat bera oladi. Ochig‘i, shu yoshida viloyat hokimligi qoshida tuzilgan jamoatchilik nazorati guruhining rahbari sifatida qishning qahratoni-yu, yozning jaziramasida yoshlar qatori mahallama-mahalla yurishiga havas qilganman. O‘ziga beriladigan mas’uliyat va topshiriqdan og‘rinmaydi. Aksincha, “Uka, davlat shu ishni sizga ishonibdimi, unga munosib harakat qiling”, deydi.

Davlatimiz rahbari yaqinda viloyatga kelganida faollar oldida ibratli bir xulosa aytdi:

-  Har bir rahbar bugun o‘ziga men jamiyatga nima naf keltiryapman, xalqimning yaxshi yashashi uchun nima qila oldim, degan savolni bera olishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev. – Davrni tushungan, davlat siyosatini, o‘z burchini anglagan, o‘z vijdoniga quloq solgan, halol, pokiza insonlargina o‘ziga bunday savolni bera oladi. Men Hasan Norbekovichni ana shunday inson sifatida qadrlayman. Bunday odamlar yonimda ko‘p bo‘lishini istayman.

Qahramonlik garchi, ulug‘ ish bo‘lsa-da, u oddiylikdan yaraladi. Yaxshi odamlar halollik va samimiyat tufayli o‘z ulug‘liklarini bilmay yashaydilar. Ulug‘likning mazmuni ham ana shu hislatda mujassam.

H.Normurodov – tirik qomus. Agar dildan suhbatlashib qolsangiz, u kishining hayotiy muloqoti, xulosalaridan keyin o‘zingizni ulg‘aygandek his etasiz. Mamlakatdagi yarim asrlik tarix haqida shunday mulohazalar bildiradiki, bundan fikringiz, tasavvuringiz teranlashadi. Shu sababli u kishining suhbatiga hamma intiladi.

U kishini ko‘p ta’riflab bo‘lmaydi. Chunki Hasan aka o‘z sha’niga maqtovlarni uncha xushlamaydi. Aslida el, davlat rahbari nazariga tushishning, O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lishning sababi ham ana shu fazilatida.

H.Normurodovning tarjimai holini aytishga hojat yo‘q. Chunki O‘zbekistondagi ziyoliman deganning barchasi u kishining hayotini yaxshi biladi.

Tabrigimiz ham oddiy:

Hasan Norbekovich, munosiblik muborak, farzandlar va shogirdlar kamolini, elning, to‘ylarini ko‘rib yashang!

Farmon TOShEV.