Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qoniqarsiz faoliyat yuritayotgan amaldorlarga mahalliy Kengashlar tomonidan chora ko‘rish amaliyoti joriy etiladi

Bugun xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputatlari bilan uchrashgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva shu to‘g‘rida so‘z yuritgan.

Bu haqda Senat saytida xabar qilindi.

Parlament yuqori palatasi Raisi o‘z nutqida mahalliy Kengashlar oldida Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan dolzarb vazifalarga to‘xtalib, viloyat, tuman, shahar Kengashlari faoliyatini jonlantirish vaqti kelganligiga alohida urg‘u bergan.

Qayd etilganidek, saylovchilarning ishonchini oqlashda, Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda barcha darajadagi deputatlardan katta mas’uliyat talab etiladi. Endi xalq deputatlari Kengashlari ham, ularning doimiy komissiyalari ham o‘z ish uslublarini tubdan o‘zgartirishlari lozim. Yaqin va uzoq istiqboldagi vazifalar ijrosini ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirish, saylovchilar tomonidan saylovoldi uchrashuvlarida ko‘tarilgan muammolarni hal etish bilan izchil shug‘ullanish ular ish faoliyatining bosh mezoniga aylanishi darkor.

Senat Raisi o‘z nutqida endi har oyda mahalliy Kengashlarda davlat organi rahbarlarining aholi murojaatlari bilan ishlash, qonun, farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarni ijro etish yuzasidan mas’ul idora va tashkilotlarning axborotlari eshitilib, faoliyati qoniqarsiz deb topilgan rahbarlarga tegishli choralar ko‘rish amaliyoti joriy etilishi zarurligini ta’kidlagan. Prezidentimiz tomonidan Kengash so‘rovi institutini joriy etish taklifi kiritilgani va bu bo‘yicha ham qonunchilikka o‘zgartirish kiritish yuzasidan ishlar boshlangani xususida so‘z yuritgan.

– Yangi O‘zbekistonni barpo etish faqat maqsadning o‘zigina emas, aniq harakatlarda o‘z aksini topayotir, – dedi Senat Raisi T.Norboyeva. – So‘nggi yillarda erkinlik, ochiqlik hayotimizning mazmuniga aylanib borayotganligini xalqimiz endi o‘z hayotida his etmoqda. Bu mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlar samarasidir. Bugungi kunda odamlar emin-erkin o‘z muammolarini davlat idoralari oldiga ko‘ndalang qo‘ymoqda. Deputatlar ana shu o‘zgarishlarning tashkilotchisi, tashabbuskori bo‘lmog‘i kerak. Buning uchun xalq deputatlari kengashlari katta vakolatlarga ega.

Shu bilan birga, muloqot chog‘ida deputat so‘rovi, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga g‘amxo‘rlikni oshirish, joylarda deputatlar xonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va boshqa masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilgan.