Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rudakiy ko‘chasi: Kecha va bugun

Odatda kecha va bugun deya taqqoslash uchun qo‘llaniladigan suratlarda kechagi kun va bugungi holat tasvirlanadi. Bu tasvirlarning biri ijobiy xarakterga ega bo‘lishi lozim. Afsuski, Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasi haqida bunday deya olmaymiz. Mazkur ko‘cha tartibga kelib, asfaltlashtirilgach ham bir yoki ikki oy o‘tmay, bu yerda yana qazishma ishlari olib boriladi.

Ko‘chadagi holat, uni ta’mirlashda sodir bo‘lgan xatoliklar bir necha bor jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgach, hokimlik mutasaddilarining bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib, ushbu ko‘chada qurilish ishlari sifatsiz bajarilgani aytilgandi. Saytimizda bu bo‘yicha ushbu axborot ham e’lon qilingan.

Mana, ayni kunlarda qurilishi umuman to‘xtamaydigan, viloyat hokimi E.Turdimov o‘sha ko‘chada olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirayotgan paytda aytganidek, “aholining noroziligiga sabab bo‘layotgan”, o‘sha yerdagi mutasaddilarning biri “qirq yildan beri bu ko‘cha doimiy ravishda kavlanadi”, degan fikrlari hamon o‘z kuchida.

Chunki ayni kunlarda ham mazkur ko‘cha yana kavlangan. Xabar berganimizdek, “Samarqand shahrida 7 kilometrdan ziyod yangi ichimlik suvi va oqava tarmoqlari tortilmoqda”.

Ushbu qurilish ishlari bilan ko‘chadagi suv tortish ishlari bir necha yilga barham topadi, deb umid qilamiz. Ushbu vazifalar sifatli amalga oshirilishidan ham umidimiz katta.

Gulruh MO‘MINOVA.