Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand davlat tibbiyot instituti bitiruvchi talabalariga elektron diplom berildi

Samarqand davlat tibbiyot instituti yurtimizda karantin e’lon qilinishi bilan o‘quv jarayonlari masofaviy ta’limga o‘tkazildi. Bunda 2013 yildan boshlab ta’limda Moodle kredit tizimida o‘qishga yordam qilib kelayotgan moodle.sammi.uz saytidagi elektron shaklda barcha turdagi darsliklar to‘plamidan foydalanish qo‘l keldi.

Mamlakatimizdagi tibbiy-epidemiologik holatni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash Vazirligining 97-son buyrug‘i asosida Respublikaning barcha tibbiyot oliy ta’lim muassasalari kabi Samarqand davlat tibbiyot instituti davolash, pediatriya, tibbiy pedagogika fakultetlari bakalavr hamda magistratura va klinik ordinatura ixtisosliklari bo‘yicha bitiruvchilar joriy yilning 10-20 aprel kunlari  yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirdi. Magistratura talabalari esa masofadan turib Zoom platformasi orqali o‘z dissertatsiya ishlarini himoya qilib, muddatidan avval o‘qishni bitirdi.

Institut bo‘yicha 438 bakalavriat, 76 nafar magistratura va 328 nafar klinik ordinatura yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar o‘qishni muvaffaqqiyatli yakunladi.

Bitiruvchilarga dastavval diplom o‘rnini bosuvchi elektron ma’lumotnomalar berildi. Diplomlarni telegram ijtimoiy tarmog‘ida maxsus yaratilgan bot orqali onlayn tarqatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Bitiruvchilarning 90 foizi oliy tibbiy ta’lim haqidagi diplom, avvaldan aniq manzilli tuzilgan shartnomalarga asosan respublikaning turli tibbiyot birlashmalariga ishga joylashdi.

Odilbek AHMEDOV.