Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahrida 30 ta biohojatxona qurilishi rejalashtirildi

Chet ellik sayyohlarga qulaylik yaratish va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida Bibixonim masjidining oldida barcha sharoitlarga ega dastlabki biohojatxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Xo‘sh, biohojatxonalarning afzalligi nimada?

Biohojatxonalar sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keluvchi zamonaviy sanitariya-gigiyena jihozlari (suv ta’minoti, ventilyasiya tizimi, ichki va tashqi yoritish tizimi, qo‘l yuvish va gigiyenik moslamalar, santexnika jihozlari va boshqalar) bilan to‘liq ta’minlangan bo‘lishi kerak. Shuningdek, ularda tahoratxona hamda nogironlar uchun ham barcha qulayliklar yaratilishi lozim.

- Hozirda Samarqand shahrida bitta biohojatxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan,  - deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi Farrux Hamroyev. – Joriy yilning yakuniga yana 30 ta zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari qurilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Prezidentimizning 2019 yil 5 yanvardagi “Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlariga namunaviy, shu jumladan tarmoqli loyihalar asosida zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalarni qurish uchun 80-100 kvadrat metr o‘lchamda yer uchastkalarini elektron auksionga qo‘ymasdan olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining iltimosnomasiga ko‘ra ustuvorlik huquqi taqdim etilgan edi. Ushbu imkoniyatdan foydalangan holda M-37 avtomagistral yo‘li bo‘yida Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on Narpay, Paxtachi tumanlaridan tashabbuskor tadbirkorlar sanitariya gigiyena shoxobchalari qurish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgan.