Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi suv omborlari xavfsizlik talabiga javob beradimi?

Viloyatimizda qishloq xo‘jaligi uchun ishlatiladigan suvning 70 foizi Zarafshon daryosidan olinadi. Shu bilan birga suv omborlari ham tarmoqni suv bilan ta’minlovchi asosiy manba hisoblanadi.

Viloyat suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Azamat Suyunovning ma’lum qilishicha, hozirda viloyatimizda 8 ta suv ombori va 2 ta bosimli suv to‘g‘oni mavjud. Suv omborlarining ikkitasi sel suv ombori hisoblanadi. Boshqarma tasarrufidagi 6 ta o‘zanli suv ombori har yili viloyatimizdagi 24 ming gektar maydonni suv bilan ta’minlaydi.

“Sardoba” voqeasidan keyin suv omborlarining xavfsizligi barchamizni qiziqtirmoqda. Xo‘sh, bizdagi suv omborlari xavfsizlik talablariga qanchalik javob beradi? Zarafshon magistral tizimidan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Asror Karimqulovga shu savol bilan murojaat qildik.

- Boshqarmamiz tasarrufidagi Kattaqo‘rg‘on va Oqdaryo suv omborlari viloyatimizdagi eng yirik va ko‘p yil avval qurilgan suv havzalari hisoblanadi, - deydi A.Karimqulov. – Oqdaryo daryosining o‘zanida joylashgan Oqdaryo suv ombori 1989 yilda foydalanishga topshirilgan. U 7 balgacha zilzilaga bardosh beradi va 110 million metr kub suv sig‘imiga ega. Kattaqo‘rg‘on suv ombori esa 7 balgacha zilzilaga bardoshli, Qoradaryo daryosidan “Damxo‘ja” gidrouzeli orqali to‘ldiriladi. Bu ombor 3 navbatda loyihalashtirilib, 1939 yildagi dastlabki loyihada suv sig‘imi 100 million metr/kub bo‘lgan bo‘lsa, 1968 yildagi 3 loyihada suv hajmi 900 million metr/kubni tashkil etgan.  

- Aksariyat suv omborlari suv ko‘payganda belgi beruvchi maxsus uskunalar bilan jihozlangan bo‘ladi. Bu suv omborlarida ham shunday uskunalar o‘rnatilganmi, omborlarda xavfsizlik darajasi qanday?

- Suv omborlarida xavfsizlik nuqtai nazaridan doimiy kuzatishlar olib boriladi. Bundan tashqari, ichki ishlar va milliy gvardiya qo‘riqlash bo‘limlari tomonidan omborlar doimiy qo‘riqlanadi. Kattaqo‘rg‘on suv omboriga 2012 yilda 6 ta videokuzatuv moslamasi va 2014 yilda 2 ta tashvishli chaqiruv tugmasi o‘rnatilgan,  “S-40” sirenasi mavjud. 2013 yilda zamonaviy elektrstansiya o‘rnatilgan. 2020 yil 17 may holatiga ko‘ra, suv omborida 731 million kub/metr suv zaxirasi mavjud. Oqdaryo suv omboriga 2011 yilda 8 ta videokuzatuv moslamasi, 2015 yilda 5 ta tashvishli chaqiruv tugmasi o‘rnatilgan va bu yerda ham zamonaviy elektrstansiya va “S-40” serenasi mavjud.           

- Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘on suv ombori devorlarida yoriq paydo bo‘lganligi haqida xabarlar tarqaldi. Bu qanchalik asosli, umuman, suv omborning asosini nimalar tashkil etadi?

- Suv omborlarida doimiy kuzatuv va xavfsizlik talablari yuzasidan muntazam o‘rganish olib boriladi. Shunday bo‘lsa-da, xabar tarqagach, zudlik bilan ishchi guruh tashkil etildi va suv ombori devorlari ko‘zdan kechirildi, aytilgan xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Kattaqo‘rg‘on suv ombori to‘g‘oni tanasi asosini bir xil tuproq va maxsus tog‘ toshi tashkil qiladi. Oqdaryo suv omborida to‘g‘on tanasi asosini tuproq tashkil qiladi, ekrani silliq toshli tuproq, to‘g‘on yadrosi suglinok. Suv ombori qurilishida dastlab loyihachilar tanlangan joyni bir necha bosqichda o‘rganib chiqishadi, devor asosi, yerning zichligi, suvning to‘planishi, xavfsizlik va boshqa talablar o‘rganiladi, so‘ng suv omborning devori qanday bo‘lishi lozimligi to‘g‘risida xulosa berishadi. Lekin ombor qanday bo‘lishidan qat’iy nazar uning suv chiqarish qismi, albatta, betondan bo‘ladi.

- Suv omborlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida qanday ishlar bajariladi?

- Kattaqo‘rg‘on suv omborining qiyalik beton qoplamasini tag qismidagi hosil bo‘lgan bo‘shliqlarga sement qorishmasi bilan ineksiya qilish – zichlash ishlari bajarildi. 2018 yilda viloyat “Suvloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan suv ombor to‘g‘onidagi zilol suvlarini nazorat qilib borish uchun qurilgan 33 ta pe’zometrlarni ta’mirlash va tozalash ishlari olib borildi. 2019 yilda ombordagi suv chiqarish inshootining jonli qismi Respublika idoralararo komissiyasining ko‘rsatmasiga binoan h=4 metr, l=605 metr zamonaviy sim to‘r (maxaon) bilan o‘raldi.

Kattaqo‘rg‘on suv ombori bugungi kunda soz va ishchi holatda bo‘lib, suv ombor kompleksidagi Damxo‘ja va Narpay gidrouzeli hamda kirish-chiqish kanallari  bilan birgalikda 66 ta shtat birligida ishchi-xodimlar xizmat qilmoqda.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV suhbatlashdi.