Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddan Tojikistonga 10 million dollardan ziyod mahsulot eksport qilindi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qo‘shni davlatlar bilan barcha sohalardagi aloqalar rivojlantirilib, hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Xususan, qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan viloyatimiz o‘rtasida madaniy-ma’rifiy aloqalar bilan birga tovar aylanmasi ham yil sayin ortib bormoqda. Masalan, 2017 yilda viloyatimiz va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida 10,5 million AQSh dollarilik mahsulot almashilgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 11,5 million dollarga yetdi. O‘tgan yili qo‘shni davlatdan viloyatimizga 1 million 205 ming AQSh dollarilik mahsulot import qilingan bo‘lsa, viloyatimiz tadbirkorlari qo‘shni davlatga 10 million 203 ming AQSh dollarilik mahsulot eksport qildi. Bular asosan qishloq xo‘jaligi, quritilgan va qadoqlangan mevalar, sanoat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Shuningdek, viloyatimizda Tojikiston Respublikasi bilan hamkorlikda Samarqand shahrida "Agro chorku" mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi ixtisoslashmagan ulgurji savdo va Urgut tumanida do‘konlar va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi "Hoji Sharif Do‘stlik" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyat yuritmoqda. Yil so‘ngiga qadar Urgut tumanida tojikistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda "Urg-Taj" qo‘shma korxonasi ishga tushiriladi. Qiymati 3 million dollarlik loyiha doirasida polipropilen ip ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Past Darg‘om tumanida joylashgan "Marakand led invest" mas’uliyati cheklangan jamiyati ham mahsulotlar eksportini ko‘paytirish maqsadida Tojikiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

- Jamiyatimiz 2017 yilda tashkil etilgan va asosan led lampochkalar, kabellar, yoritgichlar kabi 30 dan ortiq mahsulot ishlab chiqaryapmiz, - deydi korxona ijrochi direktori Farhod Haydarov. - Respublikamizning barcha viloyatlarida korxonamizning rasmiy dilerlari ishini tashkil etdik va har oyda ichki bozorga 3-4 milliard so‘mlik sifatli mahsulot chiqaryapmiz. O‘tgan yilning sentyabr oyida viloyatimiz ishbilarmonlari bilan Tojikistonning So‘g‘d viloyatidagi ko‘rgazmada bo‘lganimizda mahsulotlarimizni namo¬yish etib, hamkorlik borasida kelishuvga erishgandik. Shu kelishuv asosida 2019 yilning o‘tgan 5 oyida 100 ming dollarlik mahsulot eksport qildik. Yil oxirigacha mahsulot turlarini ko‘paytirish va eksport hajmini yanada oshirishni rejalashtiryapmiz.

O‘z muxbirimiz.