Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandlik olimning xizmatlari Turkiyada e’tirof etildi

Turkiya Respublikasining asoschisi – Mustafo Kamol Otaturk tomonidan asos solingan Turk Tili Jamiyati (Türk Dil Kurumu, 1932) dunyoda va Turkiyada milliy til, yozuv, imlo, terminologiya, til tarixi masalalari bilan jiddiy ilmiy shug‘ullanib, turk tilini taraqqiy ettirgan, uning begona tillar bo‘yunturug‘idan xalos qilgan va modernizatsiyalashga katta xizmat qo‘shib kelayotgan ilmiy tashkilotlardan biri.

Turk tili jamiyati keyinchalik tashkil etilgan Turk tarix jamiyati va Turk madaniyatini o‘rganish institutlari bilan birga Otaturk nomidagi madaniyat, til va tarix oliy jamiyatini tarkibiga kiritilgan bo‘lib, bu ilmiy tashkilot turk inqilobining yo‘lboshchisidan meros qolgan sarmoya (3 mlrd dollar deb taxmin qilinadi) asosida o‘z faoliyatini moliyalashtirib, turk tili, turkiy tillar, turkiy xalqlar tarixi, adabiyoti, madaniyatiga doir ilmiy ishlar, loyihalar va nashrlarni amalga oshirib boradi. Turkiya Respublikasida Turk Dil Kurumu akademiya darajasidagi davlat ilmiy tashkilotidir.

Shu bilan birga Turk tili jamiyati dunyoda turkiy xalqlar, tillar, madaniyatlar xususida muvaffaqiyatli tadqiqotlar olib borayotgan olimlarni faxriy, haqiqiy va muxbir a’zolar sifatida o‘z safiga chorlaydi.

Yaqinda 2020 yilgi Turk tili jamiyati tarkibiga saylovlarda ushbu obro‘li ilmiy tashkilotga “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Jo‘liboy Eltazarov muxbir a’zo sifatida saylandi. Bu xususda olim Turk tili jamiyati Raisi professor Gurer Gulsevin tomonidan yozilgan maktubda chet mamlakatlarda turkiy tillar xususida samarali tadqiqotlar olib borganligi uchun ushbu sharafga loyiq ko‘rilgani ma’lum qilinadi.

Haqiqatan ham, professor J.Eltazarov keyingi o‘n yilliklarda Koreya, Amerika, Germaniya, Yaponiya va Turkiya respublikasi universitetlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida o‘zbek, turk, uyg‘ur, qozoq tillarini o‘qitish, bu tillar bo‘yicha darslik va qo‘llanmalar, lug‘atlar va so‘zlashgichlar yaratishda hamda turkiy tillar va madaniyatlarni dunyoga ommalashtirishda katta xizmatlarni amalga oshirdi. Jumladan, olim birinchi marta “Yapon universitetlari uchun o‘zbek tili darsligi” (2009, 2010), “O‘zbekcha-yaponcha so‘zlashgich” (2013), “Yapon universitetlari uchun “O‘zbekcha o‘qish kitobi” (2013), turk universitetlari uchun “O‘zbekchani o‘rganamiz” (2010) darsligini yozib nashr ettirgan edi. O‘zbekistonda olimning o‘zbek tili tarixi, o‘zbek tili grammatik qurilishi masalalari, o‘zbek yozuvi va imlosi tarixi masalalariga bag‘ishlangan 10 dan ortiq monografiyalari va “Qadimgi turkiy til” darsligi chop etilgan.

–“Turk tili jamiyatiga” muxbir etib saylanganim – mening uchun juda faxrlidir hamda 2020 yilda erishgan ushbu muvaffaqiyatimni bizni talabalikdan shu darajalarga yetkazgan universitetim – SamDUning 600 yilligiga bag‘ishlayman”, deydi olim. – Turk tili jamiyati bilan hamkorligimiz davom etadi va o‘zbek shevalari leksikasiga doir tadqiqotlarimiz yakunini Turk tili jamiyati bilan birga amalga oshiramiz va uni qardosh o‘lka poytaxtida turk tilida e’lon qilamiz.

Nazmiya MUHIDDINOVA,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
SamDU o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi kafedrasi dotsenti.