Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandning ipak gilamlari uyda to‘qilmoqda

Samarqand nafaqat tarixiy yodgorliklari-yu tabarruk qadamjolari, balki boy hunarmandchilik mahsulotlari va nafis ipak gilamlari bilan ham mashhur. Gilamdo‘zlik shaharda san’at darajasigacha ko‘tarilgan hunar hisoblanadi.

Ochig‘i, bu boradagi shuhrat bugun bevosita “Samarqand-Buxoro ipak gilamlari” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan bog‘liq. Xo‘sh, 250 nafar xotin-qiz faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur korxonada bugungi karantin paytida ish qay tartibda yo‘lga qo‘yilgan?

- Albatta, uy sharoitida, - deydi korxona rahbari Furqat Niyozov. - Karantin talablari asosida xodimlarimiz ishchilarimizning uylariga tabiiy bo‘yoqlar bilan ranglangan ipak iplarini vaqtida yetkazib bermoqda. Ular esa dizayner yaratib bergan naqsh eskizlari asosida to‘qishmoqda.

Ko‘pchilik balki bilmas, kattaligi 1 metrga 1,5 metr bo‘lgan ipak gilamlari 6 oydan 1 yilgacha to‘qiladi. Shu jihatdan uyda to‘qish ishchilarga qiyinchilik tug‘dirmaydi. Biz ayrim to‘quvchilar ish faoliyati bilan qiziqdik.

- Ipak gilami to‘qish sabr, qunt va matonat talab qiluvchi mehnat, - deydi Samarqand tumani Qumzor mahallasida yashovchi Shohsanam Mirzayeva. - 20 yildan beri “Samarqand-Buxoro ipak gilamlari” qo‘shma korxonasida ishlab, ushbu hunar bilan shug‘ullanib kelaman. Bir yarim oydan buyon uyda ishlayapman. Ro‘zg‘or ishlaridan bo‘shagan paytimda kuniga 4-5 soat to‘qiyman. Farzandlarim ham doim yonimda - ko‘maklashadi.

- Karantin boshlangan kundan buyon uydamiz, ammo ishsiz, daromadsiz qolganimiz yo‘q, - deydi Samarqand shahridagi Sarbon mahallasida yashovchi Mohinur Boltayeva. - Chunki gilam to‘qish dastgohi ixcham, shu bois ishxonadan uyga olib kelganmiz. Muhimi, biz to‘qiyotgan gilamlarning doim xaridori bor. Gilamlarimizning naqshlari, ko‘zni quvnatuvchi ranglari xorijlik sayyohlarni maftun etadi. Shuning uchun og‘rinmay xarid qilishadi.

- Haqiqatan ham siz to‘qiyotgan gilamning naqshlari boshqacha ekan, bunda biror ma’no bormi? Tabiiy bo‘yoqlardan foydalanishning siri nimada? - so‘raymiz Mohinur opadan.

- Gilamlardagi naqshlar ham, gullar aksi ham o‘zining mantiqiy ma’nosiga ega, - deydi gilamdo‘z. - Ya’ni, baxt, boylik, farovonlik, serfarzandlik timsollari gilamlarda o‘z aksini topadi. Tabiiy bo‘yoqlarsiz ipak gilamlarining qadri bo‘lmaydi hisob. Korxonamizda to‘qilganiga bir asrdan oshgan gilamlar bor. Ular hanuzgacha o‘z jilosini yo‘qotmagan. Tabiiy bo‘yoqlardan foydalanib to‘qiyotgan mana shu gilamlarimiz ham bir necha asr xizmat qiladi.

Akram Bo‘riyev.