Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamDAQI: Bu yil 83 nafar magistrning 74 nafari davlat granti asosida o‘qiydi

Qurilish sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida abituriyentlarni ro‘yxatga olish davom etmoqda.

– Yangi o‘quv yili uchun institutimizda 18 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida bakalavrlar tayyorlash rejasi 835 ta (245 ta davlat granti, 590 ta to‘lov-kontrakt asosida) etib belgilangan, – deydi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti qabul komissiyasi mas’ul kotibi G‘ulom Artikov. – Bu ta’lim yo‘nalishlari qatoriga bugungi kun talablaridan kelib chiqib, “Inter’yerni loyihalash”, “Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha)”, “Urbanistika, shaharsozlikni rejalashtirish”, “Arxitektura yodgorliklari rekonstruksiyasi va restavratsiyasi” yo‘nalishlari qo‘shildi. Qabul kvotalari ham avvalgi yillarga nisbatan oshdi.

Hozirda abituriyentlar institutimiz qabul komissiyasiga kelib, uchtagacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlarida qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tmoqda. Bu jarayonda ulardan faqatgina pasport, umumiy o‘rta yoki o‘rta-maxsus ma’lumotga egaligi haqidagi hujjat, imtiyozga ega bo‘lganlar uchun imtiyozni tasdiqlovchi hujjat so‘ralmoqda. Maktab, kollej yoki akademik litseyni avvalgi yillarda bitirgan abituriyentlar (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslardan tashqari) test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdoridagi to‘lovni amalga oshirmoqda. Qabul ijodiy imtihon asosida bo‘ladigan ta’lim yo‘nalishlarida esa bunday to‘lov undirilmaydi.

Shu kungacha komissiyamiz orqali bakalavr ta’lim yo‘nalishlariga 648 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi.

Bu yil institutimizda yetti yo‘nalish bo‘yicha sirtqi ta’lim shakli uchun 140 ta o‘rin ajratilgan. Lekin bu chegara emas, institut ma’muriyati ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, qo‘shimcha kontrakt asosida ham talabalarni qabul qilishi mumkin. Sirtqi ta’limdagi eng muhim yangilik  kamida besh yillik ish stajiga ega xodimlarning vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining (ish beruvchilar) ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularning tavsiyasi bilan imtihonsiz, suhbat asosida o‘qishga qabul qilinishidir.

Keyingi yillarda yurtimizda oliy ta’lim muassasalari ilmiy xodimlari, professor-o‘qituvchilar mehnatiga munosib haq to‘lash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor bu yilgi magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul kvotalarida ham o‘z aksini topmoqda. Institutimiz misolida aytadigan bo‘lsak, 16 mutaxassislik bo‘yicha ajratilgan 83 ta o‘rinning 74 tasi davlat granti hisoblanadi. Ya’ni magistr o‘qish uchun pul topishni emas, faqat ilm o‘rganishni, ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borishni o‘ylashi kerak. Ikki yil davomida shu sohaning yetuk mutaxassisi sifatida ma’lumotga ega bo‘lib, kelgusida ilmiy faoliyatni davom ettirishi zarur. Bundan tashqari, magistraturaga hujjat qabul qilishdagi ayrim cheklovlar (bakalavrning qaysi yo‘nalishda tahsil olganligi) bekor qilindi.