Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shavkat Mirziyoyev Toqayevni g‘alaba bilan samimiy tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyun kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qasim-Jomart Toqayevni kecha bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston Prezidenti saylovida ishonchli g‘alabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi.

Saylov natijalari Qozog‘iston xalqi Qasim-Jomart Toqayevni keng qo‘llab-quvvatlashi va unga ulkan ishonch bildirishini, uning mamlakat barqaror taraqqiyotiga va xalqaro nufuzini oshirishga hissasini yuksak baholashini yana bir bor namoyish etgani, amalga oshirilayotgan siyosat va eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning izchil davom ettirilishiga qat’iy ishonchning ifodasi bo‘lgani alohida ta’kidlandi.

Qozog‘iston Prezidentining joriy yil aprel oyidagi O‘zbekistonga ilk davlat tashrifi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga o‘zaro intilishning tasdig‘i bo‘lib, ikki tomonlama hamkorlik rivojiga yangi sur’at bag‘ishlagani qayd etildi.

Suhbat chog‘ida Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikka doir, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Kelgusidagi, jumladan, ko‘p tomonlama tashkilotlar tadbirlari doirasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini izchil rivojlantirish va mustahkamlash ustuvor ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidladilar.