Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SSV: Yana 5 nafar bemor tuzalib, koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 30 nafarga yetdi

Koronavirus pandemiyasi tufayli jahonda xavotirli vaziyat yuzaga kelganiga qaramay, unga qarshi qat’iy kurash choralari ham o‘z samarasini bermoqda. Bunda, avval ham ko‘p ta’kidlaganimizdek, fidoyi tibbiyot xodimlarining mardona sa’y-harakati hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. 

Ana shunday qahramonona kurashlar natijasida  yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolardan yana 5 nafari butkul sog‘aydi. Tuzalganlar Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi. 

Shunday qilib, ayni paytda koronavirus infeksiyasiga chalingan jami 298 nafar bemordan 30 nafari butkul sog‘aydi. Tuzalganlarning kun sayin ko‘payib borayotganida esa, avvalambor, shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarini, shuningdek, yurtimizning boshqa hududlarida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolayotgan, shu bilan birga, karantinga olingan 100 mingdan ziyod fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olgan barcha-barcha tibbiyot xodimlarining ulkan hissasi mujassam. 

Davlatimiz rahbari so‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan qator videoselektor yig‘ilishlarida, uch marta xalqimizga yo‘llagan murojaatlarida ham shifokorlarimiz mehnatiga alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, ushbu kurashning oldingi saflarida chinakam jasorat va matonat ko‘rsatayotgan jonkuyar va olijanob shifokorlarga chuqur minnatdorchilik bildirdilar. Bu e’tirof tibbiyot xodimlarining kuchiga kuch qo‘shishi, epidemiya balosini aritishda yanada fidoyilik bilan mehnat qilishlariga  turtki bo‘lishi shubhasiz.  

Eslatib o‘tamiz, davlatimiz tomonidan qat’iy olib borilayotgan sa’y-harakatlar koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda qo‘l kelmoqda. So‘nggi marta ushbu infeksiya tasdiqlanganlarning ham barchasi statsionar sharoitda karantinga olingan fuqarolar orasidan aniqlangan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi  

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.