Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Talabalarga kechiktirilgan stipendiya to‘lab berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida talabalarga stipendiya berilmayotganligi to‘g‘risidagi xabar tarqaldi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat vazirlik tomonidan tezkor ravishda o‘rganib chiqildi. 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab talabalarga to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish, aholining keng qatlami uchun oliy ta’limning hammabopligini ta’minlash maqsadida to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlari ikki xil ko‘rinishda – “stipendiyali” va “stipendiyasiz” etib belgilandi.

Universitetda to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydigan talabalarga stipendiya tayinlash va berishdagi kechikishlar o‘z navbatida talabalar tomonidan to‘lovlarni turli miqdorda va vaqtda amalga oshirilishi bilan bog‘liq.

Hozirda barcha tashkiliy masalalar yakuniga yetkazildi va to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydigan talabalarning plastik kartalariga stipendiya o‘tkazib berilgan. Stipendiyaning naqd pul qismi esa 18 noyabr – dushanba kunidan tarqatilishi ma’lum qilindi.

“Hurmatli talabalar, siz tahsil oladigan oliy ta’lim muassasasida ham stipendiya tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lsa, marhamat, izohlarda yozib qoldiring. Vazirlik talabalar, ularning ota-onalari va keng jamoatchilik vakillari – barcha bilan muloqot qilishga doim tayyor”, deyiladi ma’lumotda.