2021 yildan boshlab kasb-hunarga o‘qitilayotgan ishsiz fuqarolarga to‘lanadigan stipendiya miqdori oshiriladi
2020 yil 20 oktyabrdagi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ko‘ra, 2021 yildan boshlab kasb-hunarga o‘qitilayotgan ishsiz fuqarolarga to‘lanadigan stipendiya miqdorlari oshirilishi, ya’ni tabaqalashtirilgan mezon asosida to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
Stipendiya miqdori quyidagicha belgilangan:
- ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) oxirgi o‘n ikki oylik davr ichida mahrum bo‘lgan shaxslarga — avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizi miqdorida, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan va O‘zbekiston Respublikasida tarkib topgan o‘rtacha ish haqidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
- uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan shaxslarga — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravari miqdorida (679 330 so‘m);
- birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yetmish besh foizi miqdorida (509 498 so‘m) stipendiyalar to‘lanishi ko‘zda tutilayapti.
Bu stipendiyalar soliqqa tortilmaydi.