Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tanzila Norboyeva BMTning YHX bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashdi

Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senti raisi Tanzila Norboyeva BMT bosh kotibi o‘rinbosari, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha maxsus vakili Jan Todt bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi masalalarida hamkorlik qilish, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha BMTning asosiy konvensiyalariga qo‘shilish va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan istiqbolli rejalar muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, yo‘l harakati xavfsizligi muammosi taraqqiyotning global muammolaridan biri hisoblanadi. Bu muammo har yili 1,35 million kishining hayotiga zomin bo‘lib, 50 million kishining turli darajada tan jarohati olishiga sabab bo‘lmoqda. Yo‘l-transport hodisasi bolalar va yoshlar o‘limining asosiy sababi hisoblanadi, katta ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarga olib keladi, buning oqibatida ko‘pchilik mamlakatlarda iqtisodiy zarar YaIMning 5 foizigacha yetadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2018 yildagi Global hisobotida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ishlar holati bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchi o‘rinni egallaydi. Ya’ni, yo‘l-transport hodisasiga uchragan 100 ming kishining 11 nafardan ortig‘i halok bo‘ladi.

Tomonlar qayd etganidek, O‘zbekiston BMTning yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha to‘rtta konvensiyasi ishtirokchisi hisoblanadi. Ushbu konvensiyalar mamlakatning ishonchli normativ-huquqiy bazasini va yo‘l harakati xavfsizligining kompleks milliy tizimlarini yaratishda o‘z samaradorligini isbotladi.

Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibining yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha maxsus vakili O‘zbekiston hukumatini yo‘l harakati xavfsizligi ko‘rsatkichlarini yaxshilashda qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistonni BMTning bu sohadagi yana bir qator asosiy konvensiyalariga qo‘shilishga va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishga chaqirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar bu sohadagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muloqotni davom ettirishga tayyorligini bildirgan.