Senat Raisi Samarqandda deputatlar faolligini oshirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
Samarqandda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva ishtirokida bugungi islohotlar sharoitida mahalliy kengashlar deputatlari faolligini oshirish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi "Nurafshon" madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan anjumanda Senat Raisi deputatlar oldidagi vazifalarga to‘xtaldi.
- Deputatlarga katta vakolatlar berilayapti, - dedi T.Norboyeva. - Maktab direktorlarini tasdiqlash, byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘ini taqsimlash, ijro organlari rahbarlari masuliyatini baholash kabi vazifalar har birimizdan ilmli, hozirjavob, qatiyatli bo‘lishni talab etadi. Ayniqsa, byudjetni shakllantirishda va uning ijrosini nazorat qilishda nihoyatda qat’iyatli bo‘lish kerak. Turli daftarlarga kiritilganlarga ko‘rsatilayotgan yordam va xizmatlarni puxta o‘rganishi va o‘z vaqtida tahlil qilib borishi lozim.
Rais parlament raislari xalqaro anjumani yakunlari xususida gapirar ekan, keyingi yil Navro‘z bayrami kunlari Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari kashtado‘zlari ishtirokida xalqaro festival o‘tkazilishini ta’kidladi. Shuningdek, 2022 yil qadim va navqiron shaharda yuqori parlamentda ayollar rahbar bo‘lgan 56 davlat ishtirokida anjuman ham tashkil etiladi.
Viloyat hokimi E.Turdimov, senator F.Toshev, viloyat Kengashi deputati G.Nurmatova daftarlarga kiritilganlarni ish bilan taminlash, sog‘ligini tiklashdagi muammolar hamda ularning yechimi xususida so‘z yuritdilar.