O‘zbekistonda bolalarni parvarish qilish tizimini isloh qilish bo‘yicha yagona va tizimli yondashuv muhokama qilindi

2021 yil 29 iyun kuni Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan YuNISEF va O‘zbekiston Respublikasining gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya bilan hamkorlikda “Har bir bola oilaviy muhitda tarbiyalanishini ta’minlash maqsadida noinstitutsionallashtirish Milliy strategiyasini yaratishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.

Unda senatorlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, Yoshlar parlamenti a’zolari, xorijiy davlatlarning yurtimizdagi elchixonalari mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish so‘zi bilan ishtirok etib, har bir bola oilaviy muhitda tarbiya topishga, ota-ona mehrini, yaqinlari e’tibori va g‘amxo‘rligini his qilib yashashga to‘la haqli ekanligini alohida ta’kidladi.

– Bu borada qonununchilik bazasi takomillashtirib borilmoqda, xususan, so‘nggi yillarda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi, “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi qonunlarda bola huquqlarining kafolatlari ta’minlanishi bilan bog‘liq munosabatlar ishtirokchilari va ularning huquq hamda majburiyatlari aniq aks etgan, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Qolaversa, mamlakatimizda bolalar omdudsmani instituti faoliyat boshlagani hamda bolalar mehnatiga mutlaqo chek qo‘yilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham alohida e’tirof etilgan. Bundan tashqari, Senatning tegishli qarorida chin yetimlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni “Mehribonlik” uylariga joylashtirish eng so‘nggi chora ekanligiga, bunday bolalarni oilalar tarbiyasiga berish birlamchi vazifa ekanligiga alohida e’tibor qaratish belgilangan. Yana bir jihat. Joriy yil 1 yanvar holatiga respublika bo‘yicha jami 71,6 ming nafar bola vasiylik va homiylik organlari nazoratiga olingan. 2019 yilning 1 martidan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun to‘lanadigan nafaqa miqdori 1,3 barobarga oshirilgan. 2011-2020 yillarda “Mehribonlik” uylarini tugatgan va uy-joyga muhtoj 1 188 nafar bitiruvchidan 610 nafariga uy-joy berilgan. Shu o‘rinda Senat tashabbusi bilan joriy yilda davlat byudjetidan 50 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, mehribonlik uylarining 900 nafar bitiruvchilarini uy-joy bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Anjumanda O‘zbekistondagi bolalarni parvarishlash tizimini isloh qilish sohasidagi vaziyat muhokama qilindi. Qolaversa, bolalar parvarishining zamonaviy tizimini ishlab chiqish bo‘yicha eng ilg‘or xalqaro va milliy tajriba hamda bu sohadagi saboqlar bilan o‘rtoqlashildi.

Xalqaro darajada bolalarni parvarish qilish sohasi katta muassasalar o‘rniga oilaviy va jamoatchilik asosida bir qator xizmatlar ko‘rsatish sari o‘zgarmoqda. Shu bois tadbir ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistoda noinstitutsionallashtirishjarayonini tezlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.