Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva tashabbusi bilan ayol deputatlar va mintaqaning yetakchi ayollari o‘rtasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yildi
2021 yil 21 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Qirg‘iziston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Qirg‘iziston Respublikasi Jokorku Keneshi Torag‘asi Talant Mamitov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqalar va ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida hamkorlik qilish nuqtai nazaridan munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar natijalari, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning muhim masalalari haqida so‘z bordi.
Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva qayd etganidek, davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi ochiq va ishonchli munosabatlar barcha sohalardagi hamkorligimizning izchil ijobiy dinamikasi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. So‘nggi 4 yil mobaynida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5 barobardan oshgani va o‘tgan yili 900 million dollardan ortgani ikki tomonlama aloqalar tobora faollashib borayotganining yorqin misollaridan biridir.
Bundan tashqari, gender tenglikni ta’minlash, birgalikda tashabbuslarni ilgari surish, xalqaro parlament tuzilmalari va tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalarida hamkorlik qilishga e’tibor qaratildi.
Qirg‘iziston Respublikasi Jokorku Keneshi Torag‘asi T. Mamitov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarga, O‘zbekiston rahbariyatining mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlariga yuqori baho berdi.
T. Mamitov O‘zbekiston bilan hamkorlik Qirg‘iziston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, T.Narbayevaning Qirg‘izistonga tashrifi munosabatlarning yanada rivojlanishiga yaxshi turtki berdi.
Parlamentlararo hamkorlik haqida so‘z borganda T. Mamitov parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlik samarali tus olayotganini ta’kidladi. Xususan, Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva tashabbusi bilan ayol deputatlar va mintaqaning yetakchi ayollari o‘rtasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.
Oliy Majlis Senati Raisi va Jogorku Kenesh Torag‘asi O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralar davomida erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish uchun chora-tadbirlarni ko‘rishga kelishib oldilar.
Tomonlar parlament nazoratini amalga oshirishda tajriba almashish, qonunchilik faoliyati sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va parlament diplomatiyasini faol targ‘ib qilishdan manfaatdorligini bildirdi.