Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vodiyda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamkorligida axborot almashinuv maydoni yaratiladi

O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar, o‘zgarish va jamiyatning ochiqligi sari qo‘yilayotgan dadil qadamlar dunyo nigohida. Buyuk Britaniya qirolligi, Turkiya, Malayziya, Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari va jamoatchiligi O‘zbekistonni tez rivojlanayotgan davlat, uning Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni esa “Yil odami” deb e’tirof etayotgani mamlakat hayoti haqiqatlariga berilgan bahodir.

Birgina misol, qat’iy diplomatik qoidalarga qaramasdan, kuni kecha Turkiya Prezidenti Rejab Tayip Erdog‘an rafiqasi bilan birga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni samolyot pillapoyalarigacha shaxsan kuzatib qo‘ygani ham dunyo OAVlarida Markaziy Osiyoning yetakchi davlatidagi yangi ichki va tashqi siyosatini ma’qullashga bir ishora deya baholanmoqda. Bu O‘zbekistonning har bir fuqarosi uchun iftixordir. Shu bilan birga, yangi ochiqlik, so‘z erkinligi siyosatini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirishga hissa qo‘shish har bir fuqaro, fuqarolik jamiyati institutlarining ham burchidir.

Farg‘ona viloyati hokimligi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya shu yo‘ldagi tashabbuslarning biri bo‘ldi.

- Bunday anjuman viloyatlarda ilk bor o‘tkazilishi va uning Farg‘onada tashkil etilgani viloyat rahbariyati, ijodiy tashkilotning irodasi qat’iyligini ko‘rsatadi, - dedi uning moderatori, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev. - Farg‘ona anjumani vodiyning uch hududi – Qirg‘izistonning Botken, O‘sh, Tojikistonning So‘g‘d, O‘zbekistonning Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlari va mamlakat jurnalistikasining yetuk olim, amaliyotchi hamda ma’murlarini birlashtirdi.

Anjuman viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirish bilan boshlandi.

Xalqaro konferensiyada biri-biridan qiziqarli ma’ruzalar, chuqur tahlil va amaliy takliflar yangradi.

- Biz O‘zbekiston jamiyatida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni kuzatib turibmiz, - deydi “O‘sh sadosi” gazetasi bosh muharriri Sohiba Shakirova. - Farg‘ona vodiysida axborot to‘lqinlariga to‘siq qo‘yib bo‘lmaydi. Biz bir–birimizdagi elektron OAVlar mahsulotidan, avvalo teleko‘rsatuv va radio eshittirishlarni bemalol qabul qilamiz. Bu bizning xabardorlik imkoniyatimizni kengaytiradi. O‘zbekistondagi chinakam so‘z erkinligi haqiqiy demokratiya qaror topayotganining namunasidir. Lekin oramizda masofa yaqin, axborot makonidan foydalanish imkoni bo‘lsa-da, biz amalda bir-birimizdan uzoqdamiz. Haligacha vodiy bilan chegaradosh uch mamlakat jurnalistlari bir-birimizni yaxshi bilmaymiz. Axborot almashuv yo‘lga qo‘yilmagan. OAV o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar yo‘q. Jurnalistik tashkilotlarimiz ham o‘zicha faoliyat ko‘rsatadi. Holbuki, biz dunyo, qit’a miqyosidagi xalqaro anjumanlarda uchrashib turamiz. Lekin bugungacha bunday ko‘rinishda yig‘ilmadik.

Farg‘ona konferensiyasi soha mutaxassislari uchun xalqaro miqyosdagi ilk anjuman edi. Shuning uchun ham uning har bir ishtirokchisi o‘z fikrlarini aytgisi, umumiy muammo va uning yechimi xususidagi takliflarini bildirgisi keldi. 

 Farhod Jo‘rayev, Tojikiston Respublikasi, So‘g‘d viloyati “So‘g‘d haqiqati” gazetasi bosh muharriri:

- Hozir bu yerda axborot to‘lqinlari tarqatish imkoni haqida gapirildi. Biz So‘g‘d qiloyatida Qirg‘iziston, “O‘zbekiston” televideniyesi ko‘rsatuvlarini bemalol ko‘ramiz. Radiosini eshitamiz. Menga ayniqsa, “Ruxsor” televideniyesi va radiosi juda yoqadi. Botken televideniyesidagi fikrlar xilma-xilligidan ichki tuyg‘ularim jo‘shadi. Lekin o‘z munosabatimni bildira olmayman. Men hamkorlikdagi teleko‘prik tashkil etishni taklif qilaman. Masalan, Farg‘ona-So‘g‘d, O‘sh-So‘g‘d, Botken-So‘g‘d o‘rtasida bo‘lsin. Studiyalarimizga turli xil yosh, kasb, qarashdagi odamlarni taklif qilaylik. Ular o‘z hayoti, tashvishlari, orzu-umidlari haqida, bizni birlashtirib turadigan qadriyatlar to‘g‘risida o‘ylaganlarini aytsinlar. Xalqimizning bir-birini yaxshiroq bilishiga imkon yarataylik. Shunda ularning do‘stligi mustahkamlanishiga hissa qo‘shgan bo‘lardik.

Ulukbubu Amirova, Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati, “Salam” media direktori:

- Avvalo, Farg‘ona xalqaro konferensiyasini tashkil etgan viloyat hokimligi, Shuhrat G‘aniyevga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bu insonni botkenliklar jasoratli siyosatchi va tashkilotchi, ikki xalq do‘stligini mustahkamlashning fidoyisi sifatida biladi.

Men uch tilla gazeta tashkil etish, uni bir xil ko‘rinishda tayyorlab bir vaqtning o‘zida uchta davlatda chop etishni taklif etaman. Unga har bir viloyat eng muhim yangiliklar, voqeliklar haqida fotosuratlar, maqolalar joylasin. Bu gazetani bir yilda kamida 4-6 marta chiqaraylik va unga “Vodiy”, deb nom bersak.

 Azizbek Abdullayev, “Daryo.uz” internet saytining Namangan viloyatidagi muxbiri:

- Rivojlangan davlatlarda asta-sekin qog‘oz shaklidagi axborotdan voz kechilib, elektron shakldagi axborot tobora kengaymoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham. To‘g‘ri, uning foydalanuvchi yoki ishtirokchisini “nazorat” qilib bo‘lmas. Ba’zida axloq qoidalaridan chiqib ketadigan noma’qul satrlar ham uchraydi. Lekin biz baribir internet maydoniga asoslangan axborot almashuvchi uch tilli sayt yaratganimiz va uni yo‘lga qo‘yganimiz qulay bo‘ladi, deb hisoblayman.

 

Saidahmad Shukurov, Andijon viloyatining “Andijonnoma” gazetasi bosh muharriri:

- Biz umumiy qarashlarimiz bir-biriga yaqin xalqlar, davlatlar bo‘lsak-da, o‘zimizga xos jihatlarimiz, qonuniy va axloqiy me’yorlarimiz bor. Shunday ekan, o‘sha o‘ziga xoslikni kengroq targ‘ib qilishimiz kerak. O‘shlik hamkasblarimiz bilan bu borada dastlabki qadam qo‘ygan edik. Ammo izchil bo‘lmadik. Konferensiyada tushundikki, barchamizda shunday istak bor ekan. Biz ijodiy aloqalarni tiklash, hamkorlikda gazeta chiqarish tarafdorimiz.

Farg‘ona anjumanida olis Amerika Qo‘shma shtatlarida turib “Amerika ovozi” teleradio axborot agentligining maxsus muxbiri Navbahor Imomova  videomuloqot tarzida konferensiya ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, jamiyat va OAV munosabatlari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan tahliliy takliflar kiritdi.

Konferensiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dotsenti, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorov, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Amrillo Karimov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari Jumanazar Meliqulovlar jamiyat va ommaviy axborot vositalari munosabatlarini tahlil qilishdi, taklif va mulohazalar bildirdilar.

- Farg‘onada o‘tayotgan mazkur konferensiya ishtirokchilariga biz yana bir axborot maydonini taklif etamiz, - dedi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “Dunyo” axborot agentligi direktori Sadriddin Suyarov. – “Dunyo” aynan bugungi g‘oyalarga hamohang yo‘l tanlagan. Biz o‘z saytimizda O‘zbekistonni targ‘ib qilish bilan birga, boshqa davlat yangiliklariga ham joy beramiz.

- Jurnalistik tashkilotlar ijodiy hamkorlik tashabbuskorlari bo‘lishi lozim, - dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov. – Biz bir nechta xorijiy mamlakatlar jurnalistlar ijodiy uyushmalari bilan yaqin aloqalar o‘rnatdik. Ammo qo‘shni davlatda ijod qilayotgan hamkasblarimiz bilan ham yaqinlashishimiz kerak. Bugungi anjuman unga tomon dadil qadamdir.

Sa’dulla Hakimov xalqaro konferensiya ishtirokchisi bo‘lgan Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi bir nechta faol jurnalistlarni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining faxriy yorliqlari hamda planshetlar bilan taqdirladi.

Xalqaro konferensiyaga yakun yasar ekan, Sherzodxon Qudratxo‘jayev bildirilgan ilmiy xulosalar, amaliy takliflar albatta, hayotga tatbiq etilishiga ishonch bildirdi.

- Biz bir-birimizni sog‘inganligimizni bugungi yuzma-yuz muloqot, o‘y-fikrlarimiz, orzu-maqsadlarimiz mushtarakligi ko‘rsatdi, - dedi Sh.Qudratxo‘jayev. – Bu yerda Qirg‘iziston va Tojikistonda chop etiladigan o‘zbek tilli nashrlar, televideniye va radio jurnalistlari nazarimda muhim masalani ko‘tarishdi. Bu jurnalistikaga oid O‘zbekistonda chop etilayotgan ilmiy-amaliy darsliklar masalasi. Men universitet rektori sifatida sizlar bilan bu borada hamkorlik qilishga, yordam ko‘rsatishga tayyorman. Yaqinda jurnalistika masalalarini qamrab olgan o‘n jildlik to‘plam chop etildi. Sizlarga uni yuboramiz. Shuningdek, universitetimiz Tojikiston va Qirg‘iziston yoshlarini o‘qishga qabul qilishga va jurnalistlar malakasini oshirish uchun alohida guruhlar tashkil etishga tayyor.

Xalqaro konferensiya davomida qo‘plab savol-javoblar, munozarali tortishuvlar bo‘ldi. Muhimi, barchaning fikri bir edi – hamkorlikdagi axborot maydonini tashkil etish lozim.

Ishtirokchilar shu kuni Farg‘ona shahridagi yangi ochilgan sport saroyi, Quvasoydagi “Vodiy tulporlari” ot majmuasi faoliyati bilan tanishdi.

- Bir gapni aytmasam bo‘lmaydi, - dedi Tojikiston Respublikasi Jurnalistlar ittifoqi So‘g‘d viloyati tashkiloti mas’ul kotibi Karim Sharif. - Chegaradan o‘tgach, men uch holatni kuzatdim. Bular yangi qurilgan zamonaviy qishloq uy-joylari, Farg‘onaning g‘oyat keng, sifatli yo‘llari, qalbimizni yayratgan bog‘-rog‘lar va hayotidan mamnun, xursandchilik bilan mehnat qilayotgan insonlar. O‘zbeksitonga, Farg‘onaga ko‘z tegmasin, ilohim!

 

Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati.