Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xotin-qizlar qo‘mitasi "huquqbuzarlikka moyil" ayollarni tasnifladi. Bu tasnif deyarli barcha ayollarga to‘g‘ri keladi

Xotin-qizlar qo‘mitasi va Toshkent IIBB "huquqbuzarlikka moyil" ayollar ro‘yxatini tuzib chiqdi, endi har bir mahalladagi "ehtimoliy jinoyatchi" xotin-qizlarga alohida kartoteka ochadi, deb yozmoqda Minbar. Bu ro‘yxat ijtimoiy tarmoqlarni "portlatdi".

"Shahrimizda xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida joriy yilning 27 iyul kuni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida qo‘shma qaror ishlab chiqildi va Toshkent shahar hokimi tomonidan tasdiqlandi", – deyiladi Toshkent shahar hokimligining matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

20-27 iyul kunlari davomida xotin-qizlar qo‘mitasi o‘tkazgan yig‘ilishlarga ko‘ra tuman hokimliklari huzurida “Tezkor shtab” hamda tuman IIB sohaviy xizmat xodimlari va Xotin-qizlar qo‘mitasining jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ishlovchi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar faoliyati tashkil etiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, har bir mahallada mahalla mutaxassisi va profilaktika noziri tomonidan hududda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarga 23 ta toifa bo‘yicha kartotekalarni shakllantirish belgilab olindi.

Kartoteka quyidagi "huquqbuzarlikka moyil" ayollarga ochiladi:

1. Ilgari sudlanganlar
2. Jinoyat sodir etishda aybdor deb topilganlar
3. Shartli jazo muddatini o‘tayotganlar
4. Giyohvandlar
5. Alkogolga ruju qo‘yganlar
6. Ruhiy kasallar
7. Jinoyat qilishga moyillar
8. Uyida uzoq vaqt bo‘lmaganlar
9. Uzoq vaqtdan so‘ng vatanga qaytganlar
10. Ruhiy madadga muhtojlar
11. Bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir qiluvchilar
12. G‘ayriaxloqiy jinoyat sodir etganlar
13. Notinch oilalardagi ayollar
14. Ichki ishlar organlarida ro‘yxatda turuvchi ayollar
15. O‘z joniga qasd qilishga moyillar
16. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar
17. Ishsiz ayollar
• kasb-hunari borlari
• kasb-hunari yo‘qlari
18. Kambag‘allar
19. Toshkentda vaqtincha yashovchilar
20. Ro‘yxatdan o‘tmay yashovchi ayollar
21. Tilanchi ayollar
22. Balog‘atga yetmagan (18 yoshgacha) va yosh (18-30 yosh) qizlar
23. Nogiron, ajrashgan, bolasini yolg‘iz katta qilayotgan, boquvchisini yo‘qotgan ayollar.