Yaxshilarga o‘xshagim kelar

Maqolamga bejiz bu sarlavhani qo‘ymadim. Jamiyatning hozirgi bosqichida Sobir akadek insonlarning fazilatlariga ehtiyoj sezilayapti.
S.Eshniyozov asli Xorazmning Gurlan tumanidagi Shang‘i qishlog‘idan. 1951 yilda tug‘ilgan. Ota-onadan erta ajralgan. Tog‘asi qo‘lida voyaga yetgach, 1933 yilda Samarqandga o‘qish uchun keldi va... bir umr shu yerda qolib ketdi.

O‘qituvchilar tayyorlash institutida topgan Hamdam Berdiyorov, Ulug‘ Rahimov kabi jo‘ralari tufayli umrining oxirigacha Paxtachida yashadi. Urushga borib kelgach, maktablarda tarix fanidan dars berdi.
Men Sobir akani fidoyilik timsoli deb bilaman. Shu inson avval maktabda, keyin tumanda o‘lkashunoslik muzeyi tashkil etdi. Bu savobli ish uchun yelib yugurganini ko‘rganman: vaqtini, kuchini, asabini ayamasdi. Viloyatga, Toshkentga qatnayverib, muzeyga alohida bino qurilishiga, xalq muzeyini esa Madaniyat vazirligi balansiga olishga erishdi. 1-2 darajali urush ordenlari sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Sobir aka ana shunaqa odam edi. 1997 yilda vafot etgan bo‘lsada, haligacha ziyolilar o‘rtasida tez-tez esga olinadi.

S.Eshniyozovning tashabbusi bilan tashkil etilgan muzeyda Paxtachi tumanidagi ikki ming yildan ortiq tarixga ega qadimiy Dobusiyadan topilgan noyob buyumlar, Oqtepa, Qoratepa singari 45 dan ortiq tepaliklar hududidan keltirilgan uzoq o‘tmishni jonlantiruvchi ashyoviy dalillar, hunarmand ajdodlarimiz yashagan turli davrga oid asbob-uskunalar, urush va mehnat qurollari o‘rin olgan edi.
18 may - Xalqaro muzeylar kuni arafasida 1985 yilda ishga tushirilgach, respublika tanlovida 1989 yilda uchinchi o‘rinni olgan ana shu muzey Paxtachi tumani hokimi M.Hamdamov tashabbusi bilan qayta ta’mirlandi, atrofi obodonlashtirildi.

F.TOShEV.