Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yigitcha onasini haqoratlagani, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilgani uchun shu tarzda “tarbiyalangan”

Kecha, 30 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi Hazora mahallasida yetim bolani xo‘rlashgani to‘g‘risida video tarqaldi. Mazkur video yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borildi.

Holat yuzasidan olib borilgan dastlabki tergovoldi tekshiruv davomida Samarqand shahar Ziyokorlar ko‘chasida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro U.H. onasini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, gaplariga quloq solmasdan, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishga ruju qo‘ygan. Shu sababli U.H.ning onasi qarindoshi, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro I.H.ga o‘g‘lini tarbiyalash va to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘yishni so‘ragan.

Mazkur video 2019 yilning avgust oyi o‘rtalarida I.H. qarindoshi U.H.ni Spitamenshoh ko‘chasida joylashgan temirchilik ustaxonasiga olib borib, u yerda ukasi, 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro I.I. bilan birgalikda turli jismlar, ya’ni velosiped g‘ildiragining charmi va arqon bilan urib do‘pposlagan. I.I. o‘zi bilan birgalikda ustaxonada ishlovchi, 2004 yilda tug‘ilgan S.B.ga ushbu holatni videotasvirga olishini aytgan.

Mazkur videoni 2019 yilning oktyabr oyida 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro F.K. videotasvirdagi qonunbuzarlarga nisbatan chora ko‘rilishi uchun Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida tarqatib yuborgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Samarqand shahar IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi.