“Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi yakunlandi.Samarqandlik o‘qituvchilarga ikkitadan 1-2 o‘rinlar nasib etdi

Samarqand shahrida joriy yilning 11-13 sentyabr kunlari geografiya fanidan o‘tkazilgan "Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi-2019" ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi ishtirokchilari uchun tadbir uyushtirildi.

Xalq ta’limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i J.Fozilov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i S.Usmonov tanlovning hal qiluvchi bosqichida faol ishtirok etgan geografiya fani o‘qituvchilariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, tizimda faoliyat olib borayotgan ilg‘or, ijodkor va mahoratli, ta’lim-tarbiya jarayonida innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotgan o‘qituvchilarni aniqlash, ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi fanlar kesimida barcha viloyatlarda tashkil etildi.

Jumladan, Toshkent viloyatida ona tili va adabiyoti, Toshkent shahrida jismoniy tarbiya, Andijonda matematika, Qashqadaryoda informatika va axborot texnologiyalari, Buxoroda fizika, Sirdaryoda biologiya, Jizzaxda kimyo, Samarqandda geografiya, Farg‘onada davlat tili, Surxondaryoda boshlang‘ich ta’lim, Xorazmda davlat va huquq asoslari, Namanganda musiqa, Navoiyda ingliz tili fanlari o‘qituvchilari sinovdan o‘tdi.

Tanlovda o‘qituvchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, dars o‘tish mahorati, fanga oid bilimlari 100 ballik tizimda baholandi.

Ishtirokchilar bilimining xolis baholanishini ta’minlash maqsadida har bir hududdan bir nafardan vakil hakamlar hay’ati a’zolari tarkibiga kiritildi. Tanlov jarayonlarini kuzatish uchun Xalq ta’limi vazirligidan mas’ul biriktirildi.

Masalan, Samarqand shahrida geografiya fani yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan Respublika ko‘rik-tanlovida barcha viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 14 nafar o‘qituvchi ishtirok etdi. Ularning bilimi va mahoratini 14 nafar hakamlar hay’ati a’zolari baholadi.

Tanlov natijasiga ko‘ra, Samarqand shahridagi 20-umumta’lim maktabining geografiya fani o‘qituvchisi Shahlo Salomova faxrli 1-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 17-IDUMning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Mahliyo Jakbarova ham Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tanlovda birinchilikni qo‘lga kiritdi.

Ishtixon tumanidagi 1-IDUMning matematika fani o‘qituvchisi Tohir Umrzoqov Andijondan, Paxtachi tumanidagi 33-maktabning fizika fani o‘qituvchisi Qo‘chqor Sherxolov Buxorodan ikkinchi o‘rinni egallab qaytdi.

G‘oliblar 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etiladigan tantanali tadbirlarda taqdirlanadi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.