Elektr ta’minotidagi muammolar qachon kamayadi?

- Aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashdagi uzilishlar qachon barham topadi?

- "Urgut" EIZ "Tinchlik" massivida elektr energiyasi tarmoqlari qachon ishga tushadi?

- Nima uchun hanuzgacha iste’molchilarga onlayn hisoblagich o‘rnatish ishlari yakunlanmagan?

Shu va shunga o‘xshash savollarga viloyat Matbuot uyida jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan anjumanda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ viloyat filiali mutasaddilari tomonidan javob berildi.

2025 yilning o‘tgan davriga qadar iste’molchilariga 975,7  milliard so‘mlik elektr energiyasi yetkazib berilib, 1031,1 milliard so‘m mablag‘ undirilgan. Texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish, yirik fotoelektr stansiyalar va quyosh panellari o‘rnatish hisobiga 203,2 million kVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilingan.

Aholini uzluksiz elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 8 ta yuqori quvvatli yangi kuch transformatorlari olib kelinib, jami quvvati 143 ming kVa ga yetkazilgan. Bu esa boshqa hududlardagi podstansiyalarning quvvatini oshirish bilan birga 220 mVt zaxira quvvati yaratish imkoniyatini ham berdi. Manzilli dasturlarga asosan 794.8 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i yangilanib, 300 ta turli quvvatdagi transformator punktlari o‘rnatildi. 19870 dona eskirgan simyog‘och temir-beton ustunlariga almashtirildi.

- Urgut EIZni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi “Urgut-2” podstansiyasidagi 2 ta 25 ming kVa o‘rniga 40 ming kVa transformatorlari o‘rnatilib, tuman markazida 18 mVt zaxira quvvati yaratildi, - deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ viloyat filiali bosh muhandisi Ilhom Norboyev. - Past Darg‘om tumanidagi kichik erkin iqtisodiy zonaga ham 2 ta 16 ming kVa kuch transformatorli yangi podstansiya qurildi. Jomboy tumanidagi “Nazar” massivida 8 kilometr havo tarmog‘i va 25 ming kVa bo‘lgan ikki transformatorli podstansiya qurilmoqda.

Shuningdek, Ishtixon tumanidagi “Ko‘tarma”, Urgut tumanidagi “O‘ramas”, “Tinchlik”, “Sariqtepa” massivlarida hamda Samarqand shahridagi “Xishrav-2” mavzesida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini qurish va yangi kuch transformatorlari o‘rnatish, qurilish-montaj ishlari bajarilmoqda. Xususan, Nurobod tumanidagi erkin iqtisodiy zonalar hududida tashkil qilinayotgan tadbirkorlik sub’yektlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida “Sazag‘on” massivida 1 ta 40 ming KVA kuch transformatori o‘rnatildi. Xususan, "Urgut" EIZ qarashli ishlab chiqarish korxonalari joylashgan "Tinchlik" massivida joriy yil yakunigacha yangi transformator o‘rnatilib, elektr energiyasi tarmoqlari tortiladi.

Joriy yilda ham iste’molchilarga elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 26 490 dona temir-beton ustunlar hamda 371 dona turli quvvatdagi transformator punktlari o‘rnatish, 1321,2 km elektr uzatish tarmoqlari tortish ishlari belgilangan. Natijada aholining uzluksiz elektr bilan ta’minlash imkoniyati yanada oshadi.

- Shuningdek, 3002,0 km elektr uzatish tarmoqlari hamda 1207 dona transformator punktlari mukammal, 6986,3 km elektr uzatish tarmoqlari va 1963 dona transformator punktlari joriy ta’mirdan chiqariladi, - deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ qurilish -montaj direksiyasi viloyat bo‘linmasi boshlig‘i Rustam Olimov. – Viloyatimiz hududidan o‘tgan 110 kV kuchlanishli 66,2 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 7 ta podstansiya, 35 kV kuchlanishli 10 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 5 ta podstansiya hamda 73,1 kilometr uzunlikdagi 0,4-10 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari yangidan qurilishi va rekonstruksiya qilinishi uchun 463,5 milliard so‘m mablag‘ sarflash ko‘zda tutilgan.

Dilmurod TO‘XTAYeV.