“Grand Swiss 2025”: Jahon shaxmat toji uchun nomzodlar aniqlandi

3-15 sentyabr kunlari Samarqandda umumiy mukofot jamg‘armasi 855 ming (erkaklar uchun 625 ming, ayollar uchun 230 ming) AQSh dollari bo‘lgan “Grand Swiss 2025” xalqaro shaxmat turniri bo‘lib o‘tdi.

2019 yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan musobaqada 39 mamlakatdan 172 nafar jahon shaxmat reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan grossmeysterlar, shuningdek, FIDE prezidenti tavsiyasi bilan taklif etilgan shaxmatchilar shveysarcha tizimda 11 tur davomida jahon chempionati yo‘llanmasi uchun dona surdi.

Turnirda 9 nafar erkak, 5 nafar ayollar o‘zbek shaxmatchi ishtirok etdi.

Dunyo reytingining «TOP-100»taligiga kirgan kuchli shaxmatchilar orasidan ikki nafar erkak va ikki nafar ayol shaxmatchi jahon shaxmat toji uchun talabgorlar turniriga saralab olindi.

Natijalarga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida niderlandiyalik grossmeyster Anish Giri turnirda 8 ochko to‘plab, turnir chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, germaniyalik shaxmatchi Mattias Blyubaum ikkinchi bo‘ldi.

Ayollar bahsida 8 ochko to‘plagan hindistonlik Rameshbabu Vaishali chempion bo‘ldi hamda xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) bayrog‘i ostida ishtirok etgan shaxmatchi Katerina Lagno ham 8 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonlik shaxmatchilardan erkaklar o‘rtasida Nodirbek Abdusattorov 7 ochko to‘plab, kuchli o‘nlikdan joy olgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida Afruza Hamdamova 5 ochko bilan 26 o‘rinni egalladi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti (FIDE) Arkadiy Dvorkovich hamda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirok etdi.