Hozircha 16 nafar abituriyent test natijasidan norozi

Respublika Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga ko‘ra, test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 21 avgustdan 30 avgustgacha (belgilangan ish vaqtiga muvofiq) bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyasiya komissiyasiga apellyasiya berishi mumkin.
Apellyasiya shikoyatlari Davlat test markazi va uning hududiy bo‘limlarida yozma hamda elektron shaklda qabul qilinmoqda.
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bugun (21 avgust) kunning birinchi yarmida bo‘limga 16 nafar abituriyent test sinovi natijasidan norozi bo‘lib, murojaat qilgan. Ularning shikoyati 26 avgustga qadar ko‘rib chiqiladi.