Madaniyat xodimlarining ishi ko‘paydi, maoshi-chi?

Joriy yilning mart oyida viloyat madaniyat boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi. Shundan so‘ng tizimda qanday ishlar amalga oshirildi, umuman, sohadagi muammo va kamchiliklar, kelgusidagi rejalar haqida boshqarma boshlig‘i Shahzod Eshonqulov bilan suhbatlashdik.

- Bugungi kunda viloyatda 78 ta madaniyat markazi, 1 ta ixtisoslashtirilgan san’at maktabi, 32 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 4 ta teatr, “O‘zbekkonsert” viloyat bo‘limi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘linmasi, “Maqom” namunali xalq ansambli, 16 ta madaniyat va istirohat bog‘i, ko‘zi ojizlar kutubxonasi, shahar va tuman madaniyat bo‘limlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, - deydi Sh.Eshonqulov. - Ularda 3452 nafar boshqaruv, ijodiy va texnik xodimlar ishlaydi.

Madaniyat tizimidagi asosiy kamchiliklardan biri – bu kadrlar masalasi. Chunki sohada xodimlar yetishmaydi, buning ustiga, kadrlarning 51 foizdan ortig‘i, ya’ni 1767 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli. Ushbu muammoni hal qilish va boshqarma tizimidagi tashkilotlarni oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlarga qo‘l urildi.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 apreldagi “2022-2026 yillarda Samarqand viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab 2026 yilga qadar madaniyat va san’at yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga Samarqand viloyati uchun maqsadli (har yili 100 tadan) kvotalar ajratish vazifasi belgilangan edi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Madaniyat vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda viloyatga 100 nafar maqsadli kvota ajratish taklifi yuborildi. Shuningdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining filialini ochish bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlanyapti va 2023-2024 o‘quv yilida filialni ochish rejalashtirilgan.

- Keyingi paytda madaniyat xodimlarining ishi ko‘paydi, ammo maoshi-chi?

- To‘g‘ri, sohadagi aksariyat xodimlar ishi ko‘paygani, tadbirlardan bo‘shamasligi va maoshi kamligidan e’tiroz bildirardi. Ammo davlatimiz rahbarining 2020 yil 26 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur masalaga yechim bo‘ldi, deyish mumkin. Qarorga ko‘ra, madaniyat vazirligi markaziy apparati xodimlari hamda hududiy madaniyat boshqarmalari, tuman va shahar madaniyat bo‘limlari xodimlariga ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda har oyda qo‘shimcha pul to‘lash tartibi joriy etildi.

Shuningdek, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Madaniyat vazirligi markaziy apparati xodimlarining Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq, lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti – 1,4 baravarga, hududiy madaniyat boshqarmalarida – 1,2 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llaniladigan bo‘ldi.

Bunda Madaniyat vazirligi, hududiy madaniyat boshqarmalari, tuman va shahar madaniyat bo‘limlari xodimlarini Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish ular faoliyatining natijadorligi va erishilgan yutuqlarga qarab amalga oshirilishi belgilab berildi.

- Madaniyat xodimlarining aksariyati norasmiy tadbirlarga chaqirilib, haq to‘lanmayotganligidan noliydi. Bu qanchalik to‘g‘ri?

- Bu bor gap. Tashkilotlar tomonidan tashkil qilingan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari hamda kasb bayramlarini o‘tkazishda madaniyat bo‘limiga ovoz kuchaytirish moslamalari, san’atkorlar va boshlovchilarni jalb qilish vazifasi yuklanadi. Bu esa madaniyat va san’at xodimlarining boshqa tashkilotlar uchun bepul xizmat ko‘rsatishiga va ularning o‘rinli e’tiroziga sabab bo‘ladi.
Mazkur holat bo‘yicha Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qarorida tashkilotlarning buyurtmalariga asosan ko‘rsatiladigan barcha madaniy xizmatlar haq evaziga tuziladigan shartnoma asosida o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.

Hozirgi kunda barcha tadbirlarni moliyalashtirish, shartnoma asosida faoliyat yuritish yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun, o‘tgan olti oy davomida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘linmasi tomonidan 93 million so‘m mablag‘ evaziga 30 dan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbirlar va konsert tomoshalari o‘tkazildi.

- Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda madaniyat sohasida qanday ishlar amalga oshirildi va yil oxirigacha nima o‘zgarishlar bo‘ladi?

- Bu yil viloyat madaniyat boshqarmasi qoshida yosh madaniyatchilar va madaniyat faxriylari kengashlari tashkil etildi. Ushbu kengashlar yordamida madaniyat markazlari, bolalar musiqa va san’at maktablari hamda davlat teatrlariga tashriflar tashkil qilinib, uslubiy yordam yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, viloyatimizdan 50 nafarga yaqin iste’dod egalari respublika ko‘rik-tanlovlarida qatnashib, munosib o‘rinlarni egalladi.
Joriy yilning sentyabr oyida mashhur baxshi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li tavalludining 150 yilligini Bulung‘ur tumanida keng nishonlash hamda respublika “Yosh baxshilar festivali”ni o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, viloyat musiqali drama teatri va viloyat qo‘g‘irchoq teatri binolarida ta’mirlash, Narpay va Ishtixon tumanlarining yangi madaniyat markazlarida ham qurilish ishlari olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar ushbu qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlanadi va binolar foydalanishga topshiriladi.

Shuningdek, yil oxirigacha viloyatdagi bolalar musiqa va san’at maktablariga o‘quvchilar qamrovi 10 foizga hamda madaniyat markazlaridagi to‘garaklarga yoshlarning qamrovi 15 foizga oshiriladi. Madaniyat muassasalarining barchasi yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanadi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV
suhbatlashdi.