Samarqandlik fuqaro chiqindini belgilanmagan joyga tashlagani uchun jarimaga tortildi

Chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlab ketish, joylashtirilishining oldini olish, Samarqand shahrini toza-ozoda saqlashda fuqarolarning mas’uliyatini oshirish maqsadida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Shunga qaramasdan, qoidalarga amal qilmaydigan, uy-joyi yoki ishlab chiqarish ob’yektida hosil bo‘lgan chiqindilarni ko‘zdan panaroq joyga tashlab ketishga harakat qilayotganlar uchrab turibdi.

Aytish mumkinki, bunday kishilar Samarqand shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlanishining oldini olish bo‘yicha o‘tkazilayotgan reyd-kuzatuv tadbirlari davomida aniqlanib, ularga nisbatan tegishli choralar qo‘llanilmoqda.

Ana shunday tadbirlarning birida Samarqand shahar Kimyogarlar qo‘rg‘oni, Zavod ko‘chasi atrofida fuqaro Sh.A “ZIL” rusumli avtomashinada qurilish va qattiq maishiy chiqindilarni belgilanmagan joyga to‘kayotganligi aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan davlat inpektorlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonunining 45-moddasi va boshqa tegishli normativ hujjatlarga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Shunga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarga nisbatan eng kam oylik ish haqining 1 barobari miqdorida jarima qo‘llanildi.

Shuningdek, Darg‘om kanalining Samarqand shahar Kimyogarlar qo‘rg‘oni yonidan oqib o‘tuvchi qismida qirg‘oq bo‘ylariga fuqarolar tomonidan ko‘p miqdorda qurilishdan hosil bo‘lgan chiqindilar noqonuniy ravishda tashlab ketilgan. Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘limi xodimlari tomonidan hudud tozalanib, chiqindilar utilizatsiya qilindi.

Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.