Ta‘na. Hikoya

Sanjar yap-yangi  “Damas”ni  darvozadan ichkariga haydab kirgan kuniyoq butun   xonadonning tinchi yo‘qoldi. Aslida bunga o‘zi sababchi bo‘ldi.

- Endi mashina ham tayyor. Hammamiz biror joyga borsak bo‘ladi!

Bolalar chug‘urlab ketishdi.

- Bu yil toqqa chiqolmadik, ertaga dam olish kuni, olib borasiz!

- E, avgust oxirlayapti, tog‘da havo sovib ketgan, - dedi to‘ng‘ichi ukasiga qarshi turib.

- Bo‘lmasa, Xorazm yo Buxoroga boraylik, mazza qilib aylanib kelamiz.

- Bu gaping ma’qul, o‘g‘lim! - Sanjar  kenjasining yelkasiga qoqib qo‘ydi. So‘ngra “Sen nega indamaysan?” degandek  ayoliga savolomuz boqdi.

- Ammani yo‘qlab borsak bo‘lmaydimi?!

Tomdan tarasha tushgandek aytilgan bu gap bolalarning qulog‘iga g‘alati eshitildi. Onalariga ajablanib qarashdi.”Qaysi amma?”

Sanjar boshini qashidi. Darvoqe, bir paytlar Jizzaxning olisdan-olis qishlog‘iga uzatilgan  ammasi bor. Qancha yillar o‘tdi, bordi-keldi yo‘q. Otasi tiriklik payti ora-orada bir-ikki borib, singlisidan  xabar olib kelgandi. Keyin o‘zi ham xastahol bo‘lib, hech qayerga chiqolmay qoldi. Ko‘p vaqt o‘tmay, to‘satdan qon bosimi ko‘tarilib, bir necha kun tushmadi, ahvoli ham hech o‘nglanmadi. Do‘xtirlar tekshirib, “miyasiga qon quyilgan” deyishdi...

O‘shanda amma “Akam-ey!” deb eshikdan kirib keldi, faryod chekdi, yig‘lab-siqtadi, biroq ertasiga saharmardon yo‘lga otlandi.

Esida, Sanjar yangi uylangan paytlar edi. To‘ydan keyingi kunlarda ham keldi-ketdilar bo‘ldi. Xolida opasi ertalabki choy ustida ammadan gap ochdi. “Xabar jo‘natganmidinglar, nega nikohga kelmadilar?” dedi. Shunda rahmatli onasi  “Eri juda serzarda odam, ammangni ostona hatlab ko‘chaga chiqishiga qo‘ymas ekan. Akasining azasiga kelgandayam, bazo‘r ruxsat oldim, devdi. Tavba, hozir shunaqa zamonmi?!” degan edi.

O‘shandan so‘ng ham gohida onasi “Ammangni bir ko‘rib kelishimiz kerak” derdi-yu, shunga hech qulay fursat bo‘lmasdi. Bu orada ona ham kasal bo‘lib  yotib qoldi, o‘tkazib yuborgan ekanmi, nari-berisi  ikki-uch haftada dunyodan ko‘z yumdi. Bu yoqda...birin-ketin bolalar tug‘ildi, turmush tashvishlari ko‘paydi, bora-bora qarindoshning yo‘qlovi ham barisining xotirasidan ko‘tarildi. Endi esa ayoli tasodifan ammani eslab qoldi.

- Borsak bo‘ladi-ya, lekin uyini qanday topamiz?

- To‘ptosh degan qishloq bor, dashtu qirlardan o‘tib boriladi, derdi rahmatli onangiz...

Bolalarning afti burishdi.

- Biz unaqa joylarga bormaymiz!

Sanjar bolalarining boyagi  kayfiyatini buzgisi kelmadi. Shuning uchun murosa ohangida gapirdi:

- G‘allaorol tepaliklaridan o‘tiladi, zo‘r joylar! Balanddagi kattakon toshlar oldida suratga tushib, keyin internetga qo‘yasizlar.

Ikki o‘g‘il ham shundan so‘ng ko‘ngandek bo‘lishdi.

Erta tongdanoq hovlida g‘imir-g‘imir boshlandi. Sanjar Xolida opasiga odam jo‘natdi. Ko‘p o‘tmay u halloslab kirib keldi. Qo‘lidagi tugunni yechib, bir juft yap-yangi kavush, qo‘lda to‘qilgan bir necha xil issiq paypoqlarni chiqardi. Keyin shkafdagi  matolar orasidan ammaga ko‘ylakliklar tanlashdi.

- Non, meva-cheva, shirinliklarni yo‘ldan olamiz, - dedi Sanjar. - Bo‘pti, endi otlanaylik!

- Oyoqlarim og‘rib turibdi-da, bo‘lmasa sizlar bilan ketardim. Sanjar, mashinani  sekin hayda! Eson-omon borib kelinglar, Gulsum ammaginamni sog‘inganimni aytib, so‘rab qo‘yinglar! – Xolida opasi ro‘molining uchi bilan ko‘zlarini artdi. U mashina olislab ketgunicha ortidan qarab qoldi.

Oppoq “Damas” katta yo‘lga chiqib olgach, yeldek uchdi...

Gulsum ammaning shu kuni ertalabdanoq qovog‘i uchdi. Buni o‘zicha oqshomgi tushiga yo‘ydi. Barmoq uchlari bilan  ko‘zlarini siypadi. “Yaxshilikka ko‘rinsin-ey” deb irim qildi. Tavba, tushida akasi undan hol-ahvol so‘rab yuribdi. ”Gulish, qiynalmayapsanmi?” der emish. Gulsum akasining bolaligidagidek erkalatib gapirganidan suyunib ketibdi, so‘ng yugurib borib uning bo‘yniga osilmoqchi bo‘pti. “Voy, men turmush ko‘rgan  kap-katta xotin bo‘lsam... axir uyat bo‘ladi-ku” deb o‘ylabdi so‘ngra. Shunda akasi “Men ketayapman, yaxshi qol” debdi. “Aka, to‘xtang, menam siz bilan boray” deb taraddudlanibdi Gulsum. ”Joyingdan jilma,-debdi akasi buyruq ohangida. - Seni o‘zim keyinroq kelib olib ketaman!” So‘ngra qorong‘ilik ichiga kirib g‘oyib bo‘libdi.

- U yoq qorong‘i-ku, bormang, to‘xtang! Ey,xudoyim-ey!

Gulsum akasi ketgan tomonga qarab yugurayotib yelkasi bilan nimagadir borib urilibdi. Qattiq zarbdan ko‘zlarini ochdi. Qarasa, tepasida eri, hadeb yelkasidan turtib, uni uyg‘otmoqchi bo‘layotgan ekan.

- Tur, nima deb elovlayapsan, o‘zingcha...

Gulsum akasini tushida ko‘rganini aytmoqchi bo‘ldi, lekin indamadi. Aytsa...eri yana o‘sha eski gapini boshlaydi.

“Ota yurtingdan bir inson seni so‘roqlab kelmaydi, jon-jigarlaring bordir u yoqda, nima, o‘shalar oldida tirnoqchayam izzating yo‘qmidi?!”

Ilgarilari ham Gulsum bir necha bor akasini sog‘inib yuragi ezilganida, kelinoyisi va  jiyanlarini ko‘z oldiga keltirib xotiralarga berilganida...daf’atan ko‘ngil iztiroblarini eri bilan bo‘lishgisi kelgandi. Lekin eri ayolining o‘sha vaqtdagi yig‘i-sig‘ilarini “hazm” qilolmay qo‘l siltagan va uni yupatish o‘rniga qattiq-quruq gap qilgandi:

- Nechchi zamonlarki, ota yurtingdan bir inson daraklab kelmaydi seni, nega-a!?

Shu gap doim Gulsumning yuragiga nashtarday botadi. Chekka-chekkaga o‘tib yig‘lab ham oladi. Nima qilsin, ota-onasidan barvaqt judo bo‘ldi, yolg‘izgina akasiyam peshonasiga sig‘madi. Jiyanlari bor, ular ham  uy-joyi, bola-chaqasiga bosh-qosh... Bugungi zamonda hammada ish ko‘p, tashvish ko‘p, birovdan gina qilib bo‘larkanmi?! Hozir shularni o‘ylab, eriga “churq” etmadi. Yechilib ketgan ro‘molini  boshiga mahkam o‘rab, o‘rnidan ildam turdi. Er buni o‘zicha tushundi.

- Uyga qara! Men toqqa chiqib ketyapman. Qo‘ylardan xabar olay. Kechga qaytaman.

Eri ketgach, Gulsum ro‘zg‘or yumushlariga unnadi. Sigirlarni sog‘ib, sutni temir o‘choqdagi katta qozonga quydi, cho‘mich bilan shopirib-shopirib pishirdi. So‘ng un elab, tog‘orada xamir qordi, issiqda tezroq oshadi deb tog‘ora ustini  qalin sochiq bilan o‘rab qo‘ydi. Uy ichlarini, hovlini chinni chiroqday qilib supurdi. Hokandozni qidirib ayvon zinasidan ko‘tarilayotganda boshi aylanib, ko‘ngli behuzur bo‘ldi. Bir qo‘li bilan chap ko‘kragini ushlab, bir qo‘li bilan asta devorga suyandi. “Hozir sanchig‘i o‘tib ketadi” deb pichirladi o‘z-o‘ziga. Axir bu birinchi marta emas-ku...

Bundan ikki oycha avval shunday ahvolga tushganida katta qizi kelib qoldi. ”Voy, nega bunday turibsiz? Rangingiz oqarib ketibdi, nima bo‘ldi?” deb qiyin-qistovga olavergach, unga tushuntirgan bo‘ldi:

- Har zamonda shunday bo‘ladi, o‘zi...

- Charchagansiz! Nevarangiz chiqib qarashsin desam, hech ko‘nmaysiz!

- Qo‘yaver, darsini qilsin, bolam.

- Bo‘pti, shu hafta ichi do‘xtirga obchiqib kelaman sizni.

Lekin ertasiga ertalabdanoq yetib keldi. Ko‘chaga barvaqt chiqishga ona unamadi.

- Otang dashtdan kelsa, uyda bo‘lmasam, nega so‘ramay ketding deb baqiradi, fe’lini bilasan-ku, qizim.

- Bugun qishloqdagi do‘xtirga ko‘rinasiz, darrov qaytamiz.

Shundan so‘ng ona-bola QVP tomon yo‘l olishdi. Hali yoshi qirqqa borib-bormagan bo‘lsa-da sochiga oq oralagan do‘xtir ularning shikoyatlarini eshitgach, obdon sinchiklab tekshirdi, so‘ng asta bosh chayqadi.

- Hamshiramiz doim uyingizga borib ogohlantirgan, ammo biror martayam kelmagansiz, xolajon! Yaqinda keksa yoshlilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik, shundayam ko‘rinmadingiz. Sog‘liqqa beparvo bo‘lmang-da, axir. Yuragingizning bunaqa tez urishi qachondan boshlandi, eslang-chi?

- O‘tgan yili yozda edi, adashmasam... Ekin-tikinga qarashay deb dashtga chiqqandim, issiqda lohaslanib yiqildim, o‘shanda yuragim qattiq sanchidi.

- Darrov yaqinlaringizga aytmadingizmi? Bu yoqqa yetkazib kelishardi, dardning oldini olardik. Mayli, haliyam kech emas. Ertaga markazdagi poliklinikaga borasiz, u yerga zo‘r apparatlar olib kelingan, hammasidan o‘tasiz. Natijasi chiqsa, keyin davolaymiz, xo‘pmi?!

Do‘xtir yozib bergan qog‘ozni olib, uyga qaytishdi.

- Meni deb yumushlaring ham qolib ketdi. Borib, bolalaringga qara. O‘sha markazga biror kuni  borarmiz, jon qizim.

Yo‘l yarmida ayrilishdi. Mana, naq ikki oy vaqt o‘tdi, har kuni yugur-yugur, qimir-qimir... Do‘xtirga chiqishga vaqt qayoqda! Axir nima qilsin, ikkala qiziyam katta ro‘zg‘orli xonadonlarga tushishgan. Bolalari biri-biridan yosh, erkaklari ish odami, erta  ketib kech qaytishadi. Qizlari tag‘inam ora-sira onasidan birrov xabar olib ketishadi. Ona ularni xuddi tushda ko‘rgandek bo‘lib qolaveradi.

Darvoqe, shu bugungi tushi... Erta tongdan beri bot-bot shuni o‘ylaydi. O‘zini chalg‘itmoq bo‘lib neki yumush bor, shunga qo‘lini urdi. Bahonada uyning ichi ham, tashi ham yog‘ tushsa yalagudek bo‘ldi. Lekin dili hech yorishmadi. Balki shuning uchun yuragi yana sanchiyotgandir, kim biladi...

Beixtiyor to‘rdagi uy tomon yurdi. Chinni idishlar terilgan jimjimador shkafning yuqori javonidagi suratni  oldi. Har doimgidek ko‘ylagining yeng uchlari bilan ramka oynalarini artdi, so‘ng suratdagi chehralarga uzoq tikilib qoldi. Akasi, yonida kelinoyisi, qizi va o‘g‘ilchasini tizzalariga olishgan, xiyol jilmayib turishibdi. Baxtiyor kunlardan bir xotira...

Gulsum akasining  azasidan so‘ng qishlog‘iga qadam ham bosgani yo‘q. Oradan yillar o‘tib, kelinoyisi qazo qilganini xabarchidan eshitdi-yu, darrov eriga aytdi. U nimalarnidir pichirlab yuziga fotiha tortgan bo‘ldi. So‘ng “men ikki kunga toqqa chiqib kelay, qo‘ychivonlar bilan gaplashishim kerak, sen uyda bo‘lib tur”, dedi. Gulsum har galgidek indamasdan qolaverdi...

Mana, umr ham o‘tyapti. Bir paytlar “amma, ammajon” deb ortidan yugurgilab chopgan jiyanlari ulg‘ayib endi oila qurishgan. Balki bola-chaqali bo‘lib, o‘z-o‘zlaridan tinib-tinchigan ham bo‘lishsa kerak. Boshqa tanish-bilishlari, bolalikdagi do‘stu qadrdonlari qaerlarda ekan? Bularning bari Gulsumga qorong‘u...To‘g‘ri, ayol turmushga chiqqach, er urug‘lariga yaqinlashadi, ularning tutumiga aralashib, turmushiga singib ketadi. Lekin bu uning ota yurtidan butkul uzilib, boshqa bir dunyoga o‘tishi  degani emas-ku! Gulsum  shuni o‘ylasa, ich-ichiga o‘t tutashganday bo‘ladi. Qo‘lidagi manavi suratni ham akasining azasiga borganida olib kelgandi. O‘shanda eri “Boshing borib, oyog‘ing qaytsin!” deb zo‘rg‘a ruxsat bergan, Gulsum marosimdan so‘ng kelinoyisidan shu suratni so‘rab olib, yo‘lga tushgandi. Endi u ota  yurtini sog‘inib yuragi o‘rtansa, doim shu suratga termuladi, o‘tgan kunlarini  birma-bir eslayveradi.   

“Akaginamdan qolgan tuyoqlar, ahvolingiz qanday, bilmasam...Men qanday amma bo‘ldim, o‘zi? Mehr-oqibatni o‘sha yoqlarga tashlab kelgan ekanmanmi? Bir-birimizga el bo‘lib yashaganlarimiz qani?  Soliya checha, Narzigul xola, Esonoy, Lobar, Diloromlar.., barisi omonmikin? Qanchalar ajoyib vaqtlar edi, so‘zlashaverib charchamasdik! Suhbatlarga, diydorlashuvga o‘z-o‘zidan bahona topilardi. Mana, endi uchrashmoq yo‘q, so‘ylashmoq yo‘q. Yillarki, bir-birovimiz bilan yelka qoqishib, holingiz nechuk, deyolmasak...Bu qandoq bo‘ldi-a?”

Gulsum  suratga tikilganicha o‘z-o‘zicha yana allanimalarni pichirlab turdi, qancha vaqt o‘tganiniyam bilmadi, ko‘zlaridan shashqator yosh oqaverdi. Ora-sira o‘zini ovutdi, shu kunlariga shukr qildi. So‘ng o‘zi ham jigarlarining yaxshi-yomon kunlarida ularning yonida bo‘lmaganini o‘ylab o‘kindi. ”Mehr ko‘zda” deganlari rostmikin... U ota yurtidagilar bilan necha zamonlardan beri yuz ko‘rishmaydi, bordi-keldi qilmaydi, ko‘z-ko‘zga tushib turmagandan keyin... O‘zi  ularning esidan ham chiqib ketgandir endi

- Axir men erga tegdim, qaro yerga tekkanim yo‘g‘idi-ku! Umrimni to‘rt devor ichida jimgina o‘tkazyapman-ku, bir inson  dardimga oro kirib, tomiring qolgan tuproqni xabarlab kel, demaydi. Voy, azoblarda qolgan bu jonim-ay!

Gulsum “uv” tortib yig‘lab yubordi.

Xuddi shu vaqt tashqarida shovqin eshitilgandek bo‘ldi. Gulsum tezgina ko‘zlarini  artib, deraza osha hovliga mo‘raladi. Odatda, ko‘pincha tog‘dagi qo‘ychivonlar erini so‘roqlab kelishardi. O‘shalar bo‘lsa kerak, deb o‘yladi u. Ro‘molini boshiga qayta o‘rab, peshvoz chiqdi. Notanish erkak bilan ayol,  ikki o‘spirin, hammalari darvoza yonidagi kichik  eshikchadan ichkariga kirib, o‘zaro gaplashib turishardi. Mehmon ayol darhol salom berdi.

- Bizga shu hovli deb ko‘rsatishdi. Gulsum ammam... sizsiz-a?

Ammaning yuragi “shig‘” etdi. Xuddiki ota yurtidan bir epkin yuziga kelib urilgandek entikdi. Mehmonlarning har biriga tikilib-tikilib qaradi.

- Men Sanjarman, amma! Bu keliningiz... Uy ichimiz bilan kelaverdik.

- Voy, o‘zim o‘rgulay, sizlardan! – Amma avval Sanjarning yelkalariga qoqdi, so‘ng ko‘ngli erib jiyanining bo‘yniga osildi, birdaniga bo‘g‘ziga yig‘i keldi, tovushi titradi. – Bolajonim... Akaginamning islari kelyapti, sendan-a, bo‘ylaringdan ammang aylansin!

Keyin kelini bilan so‘rashib omonlashdi, ikki bolani quchog‘iga olib erkaladi. Hammalari boshlashib uyga kirishdi. Ichkaridan atlas ko‘rpachalar, baxmal bolishlar, taxi buzilmagan dasturxonu sochiqlar olib chiqildi. Bu orada Sanjarning ayoli sovg‘a-salomlar solingan katta-kichik tugunlarni ochdi.

- Bularni Xolida opam berib yubordilar, mana bu ko‘ylaklarni katta qizi  sizga atab tikkan. Manavi  ro‘mollarni jiyaningiz bilan  niyat qilib oldik, o‘rab to‘zdiring, yuzlarga kirib yuring...

 Amma ota yurtidan kelgan bu in’omlarni  avaylab qo‘liga olarkan, ayni vaqtda quvonchi ichiga sig‘mayotgandi.

Dasturxon ustida  suhbat qizib ketdi. So‘rab-surishtiruvlar, sog‘inib eslashlar... Sanjar ammasining xotirasiga qoyil qoldi.  Bolaligidagi voqealarni  xuddi hozirgina bo‘lib o‘tgandek aniq-tiniq gapirib berayotgandi. Ota-onasi, bobo-buvilarining ko‘p yaxshi fazilatlari bo‘lganligini Sanjar shu topda bilib oldi. O‘zining unchalik sinchkov emasligidan o‘kindi u. Maktabni bitirib, institutda o‘qidi, bitirishi bilan ish ham tayyor turgan ekan, boshi bilan mehnatga sho‘ng‘ib ketdi. Uyidagilarning qiyin-qistovi bilan uylandi, keyin bola-chaqali bo‘ldi. Yillarki, faqat ish-ish...bundoq boshini ko‘tarib yon-atrofiga qarashga vaqt yo‘q! Har zamonda to‘y-ma’rakaga borganda qarindoshu do‘st-yorlari bilan birrov so‘zlashganini aytmasa... Bu yoqda esa ammasi yaqinlarining yo‘qlab kelishini necha vaqtlardan beri kutib, ularni sog‘inib-sog‘inib yashayotgan ekan!

Ammaning qizlari yetib kelishdi. Pishir-kuydir boshlandi. Hovlini to‘ldirgan  katta-kichik bolalar darrov bir-birlariga el bo‘lib ketishdi. Ularning shovqinidan uy egasining kirib kelganiniyam hech kim sezmay qoldi.

- E, pochcha, sizmisiz, assalomu alaykum! – Sanjar bu odam bilan qo‘l olishib ko‘rishdi. Ichkariga kirib o‘tirishgach, uy egasi yuziga fotiha tortib, mehmonlar bilan so‘rashdi.

- Otasi, bu Sanjar, akamning o‘g‘li,  yo‘qlab kelishibdi! – Ammaning tovushi har doimgidan ko‘ra yangroq edi bugun. - Mana bu yoqda kelinim, o‘g‘il-qizlari, izlab-izlab topishibdi bizni!

Quyuq-suyuq taomlar tortildi. Yana ancha vaqt suhbatlashib o‘tirishdi. So‘ng mehmonlar “ketamiz”ga tushib qolishdi. Amma “qolinglar” deb yalinib-yolvordi.

- Ertaga ish, bormasam bo‘lmaydi-da! - Sanjar ammasiga mehr bilan tikildi.-Endigi safar kelganda  o‘zingizniyam olib ketaman, bir-ikki hafta turib kelasiz, xo‘pmi?

- Ammang aylansin sendan. Koshkiydi, bir borsam...

Shu ko‘yi xayrlashishdi. Kuyovlari, eri tashqarida qolishdi. Amma ikkala  qizi bilan ichkariga qarab yurdi. U tinmay gapirar, o‘zi ham xushhol, yuzu ko‘zlari yashnab turardi. Qizlari buni sezdi, bir-birlariga qarab kulib qo‘yishdi.  Nabiralari allaqachon  dasturxonlarni yig‘ishtirishib, taomdan bo‘shagan idishlarni yuvishga kirishib ketishgandi. Qizlari uylariga ketishga chog‘lanib, ust kiyimlarini  kiyishdi. Xuddi shu paytda ammaning boshi aylangandek bo‘ldi, o‘z-o‘zidan yuragi tez-tez ura boshladi, devorni ushlagancha bir zum  turib qoldi. Katta qizi yugurib keldi.

- Sizga nima bo‘ldi?

- Hozir o‘tib ketar...Eski kasalim yana boshlandimikin, nega bunday bo‘layapti-a?-Amma holsizlanib o‘tirib qoldi, so‘ng asta boshini yostiqqa qo‘ydi. Yuragi sanchib sekin ingradi. Qizlari tashvishga tushib qolishdi.

- Do‘xtir chaqirish kerak! Men borib erkaklarga aytay tezroq.

Kichik kuyov “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qildi. O‘n-o‘n besh daqiqada yetib keldi. “Kasalxonaga olib borishimiz kerak” dedi do‘xtir ammaning tomir urishini obdon eshitib, qon bosimini o‘lchab ko‘rgandan keyin.

Bu vaqtda Sanjar mashinani katta yo‘ldan sekin haydab borar, cheksiz-chegarasiz dashtu qirlardagi to‘p-to‘p butalar qorong‘ida vahimali bo‘lib ko‘rinardi. Kichkina radiodan yangrayotgan yoqimli kuy ta’sirida ayoli, ikki o‘g‘li jimgina atrofni tomosha qilishardi. Shu payt yonginalaridan “Tez yordam” g‘izillab o‘tib ketdi.

- Vuy, qara! Qizil chirog‘i zo‘r yonarkan! –Ikki o‘g‘il baravariga chuvillashdi.

Uyga qaytishayotib ammaning kichik kuyovi “Onamizga nima bo‘ldi, yaxshi yuruvdi-ku?” deb ayolidan so‘radi.

- Jigarlarini ko‘rib, qattiq quvonib ketganlari uchun bo‘lsa kerak. Opam shunday deyapti.

Kichik kuyov buni o‘zicha tushunib, yelkasini  qisdi.

Gulchehra JAMILOVA.