Ukraina va AQSh delegatsiyasi Parijda. Isroil Tramp tufayli Eronga zarba berishdan bosh tortdi

🔹 Ukraina delegatsiyasi AQSh bilan muzokaralar uchun Parijga keldi. Delegatsiya a’zosi, prezident devoni rahbari Andrey Yermak so‘zlariga ko‘ra, tashrif doirasida “talabgorlar koalitsiyasi” va xavfsizlikni kafolatlashga qodir davlatlar, xususan, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya vakillari bilan ko‘p tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
🔹 Isroil joriy yilning may oyida Eron yadroviy inshootlariga zarba berishni rejalashtirdi, biroq Tramp bunday harakatni qo‘llab-quvvatlamagani uchun ushbu amalga oshmagan. Tel-Aviv shu yo‘sinda Tehronning yadroviy qurol yaratish sa’y-harakatlarini bir yilga falaj qilishga umid qilgan. Eslatib o‘tamiz, 12 aprelda Ummon poytaxtida o‘tgan Eron va AQSh delegatsiyalari bilvosita muzokaralari Tramp tomonidan ijobiy deb baholandi. Ikki kundan keyin muzokaralarning ikkinchi raundi boshlanadi.
🔹 G‘azo sektoridagi janglar to‘xtashi uchun HAMAS harakati barcha garovga olinganlarni ozod qilishi kerak. Bu haqda AQSh prezidentining garovdagilar masalalari bo‘yicha vakili ma’lum qildi.
🔹 Kaliforniya shtati sudga Tramp tomonidan kiritilgan yangi import tariflariga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Davlat hukumati uni mansab vakolatini suiiste’mol qilganlik, mintaqa va butun mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazganlikda ayblamoqda.
🔹 Turkiya mamlakat tarixidagi eng yirik narkotiklarga qarshi operatsiya o‘tkazdi. Poytaxtda 525 kishi qo‘lga olingan.
🔹 Tramp ma’muriyati Garvard universitetining xalqaro talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum qilish bilan tahdid qilmoqda. Universitetda “noqonuniy vizalar”da o‘qiyotgan talabalarning “batafsil qaydlari”ni taqdim etish talab qilinmoqda. Aks holda, Garvard chet ellik talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum bo‘ladi.
🔹 Qirg‘izistonlarning Moskva hammomida ushlanib qattiq do‘pposlangani Rossiya TIV tomonidan tushuntirildi. Bunda asosan noqonuniy migratsiya va hatto radikal guruhga aloqadorlikka urg‘u berilgan. Voqea munosabati bilan Qirg‘iziston Rossiyaga ultimatum qo‘ygan edi.
🔹 AQShda oltin narxi o‘sishda davom etib, yangi rekord o‘rnatdi. Narxlarning oshishiga AQSh Federal zaxira tizimi raisi Jerom Pauyellning savdo urushining mumkin bo‘lgan oqibatlari haqida ogohlantirishi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Qayd etishilicha, global iqtisodiy beqarorlik sharoitida investorlar oltinni ishonchli himoya aktivi sifatida ko‘rib, qimmatbaho metallarga faol sarmoya kiritishda davom etmoqda.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.