Vazirliklar bilan bog‘liq bo‘lmagan muammolar yechimida katta mablag‘ shart emas

Bu haqda hokimlar, sektor rahbarlari o‘ylab ko‘rishlari kerak. Chunki bugun har bir shahar va tuman hokimiga o‘z hududini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar berilgan.

Mavjud muammolarni hal etish mutasaddilarning qanchalik kreativ fikrlashi, istiqbolli rejalariga bog‘liq bo‘lmoqda.

Bu “Zarafshon” gazetasida chop etilgan “Maktabda o‘quvchilar harbiylikka qanday tayyorlanyapti?” maqolasida yana bir bor o‘z isbotini topdi. Negaki, maqolada o‘quvchilarning jismoniy chiniqishi, ular bilan o‘tilayotgan mashg‘ulotlar uchun moddiy-texnik baza yetarli emasligi mutaxassis va amaliyotchi o‘qituvchilarning fikrlari bilan ochib berilgan.

Kuyunchak o‘qituvchilardan biri ijtimoiy tarmoqda shunday yozyapti: “Assalomu alaykum, ustoz! Men maktabimizda tir va kamondan otish to‘garaklarini tashkil qilmoqchi bo‘lib, tuman xalq ta’limi bo‘limiga, tuman hokimligi sport bo‘limiga uchrashdim, ammo natija yo‘q. Qanday maslahat berasiz?”.

Tabiiy savol tug‘iladi: xo‘sh, bu kabi muammolar qanday hal etiladi? Albatta, mahalliy byudjet mablag‘lari asosida. Ya’ni, maktablarda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik masalasi vazirlik yoki hukumatning qarorini kutadigan ish emas.

Aslida, hukumat tomonidan bu boradagi ishlar amalga oshirib bo‘lingan. Xususan, maqolada keltirilganidek, 11-sinf o‘quvchilari olgan bilimlarini mustahkamlashi uchun uch kunlik o‘quv yig‘ini mashg‘ulotlarida ishtirok etishlari kerak. Tashkiliy masaladagi muammo sabab bu vazifa – Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan topshiriq amalda bajarilmayapti.

To‘g‘ri, o‘qituvchilar malakasini oshirish, ularning unvonlari masalasi tegishli vazirliklar tomonidan hal qilinadi. Ammo gimnastika maydoni, oddiy turnik, to‘siqlar va boshqa inventarlarni tashkil qilishi uchun respublikadan topshiriq bo‘lishini kutish shart emas, nazarimda.

Bu ishga katta mablag‘ talab etilmasligi kunday ravshan. Shu ma’noda, shahar va tumanlardagi sektorlar rahbarlari o‘z hududida hech bo‘lmasa ikkitadan maktabda chaqiruvga qadar tayyorgarlik fanidagi amaliy mashg‘ulotlar uchun zarur sharoitlarni yaratib bersa, faqat foydali bo‘ladi.

Axir koronavirus balosi sabab jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish inson salomatligi, jamiyat xavfsizligi uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligiga guvoh bo‘ldik-ku. Shu bois, sportni rivojlantirish, joylarda u bilan shug‘ullanish uchun davlat darajasida e’tibor qaratilmadimi?!

Hurmatli hokimlar va sektor rahbarlari!

Mayli maktabga jangovar qurollar olib bermang. Ammo maktabda jismoniy tarbiya va harakatli o‘yinlar bilan shug‘ullanishlari uchun yoshlarga imkoniyat va sharoit yaratib bering.

Mirzo Ixtiyorov,

xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi Ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi.