12 dekabr – baxt va shodlik kuychisi Hamid Olimjon tavallud topgan kun

O‘zbek xalqining atoqli farzandi – dilbar shoir, dramaturg, yirik olim va tanqidchi Hamid Olimjon o‘zidan o‘lmas meros qoldirgan. U o‘zbek she’riyatida jo‘shqin lirizmga asoslangan she’riyat maktabini yaratgan shoir.

Iste’dodli shoir, dramaturg, tarjimon, adabiyotshunos va folklorshunos olim, davlat va jamoat arbobi Hamid Olimjon 1909 yil 12 dekabrda Jizzax shahrida dunyoga keldi. Narimonov nomidagi boshlang‘ich maktabni tugatgach, Samarqand pedagogika bilim yurtida (1923-1926), O‘zbek Pedakademiyasida (1926-1931) o‘qidi.

Hamid Olimjon talabalik yillaridayoq she’r yozdi. Uning asarlari 1926 yildan «Zarafshon» gazetasida chiqa boshladi. 1927 yilda shoir mazkur ro‘znoma muharririyatiga ishga o‘tdi. Hamid Olimjonning «Ko‘klam» nomli ilk she’riy to‘plami 1929 yilda bosilib chiqdi. Shundan so‘ng «Olov sochlar» (1931), «O‘lim yovga» (1932), «Poyga» (1932) kabi she’riy to‘plamlari nashr etildi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi (1943) Hamid Olimjon o‘zbek adabiyotining dolzarb masalalari bo‘yicha qator ilmiy-tanqidiy asarlar yaratdi. U A.Pushkin, L.Tolstoy, M.Gorkiy, V.Mayakovskiy, A.Serafimovich, T.Shevchenko, M.Lermontov, N.Ostrovskiy, A.Korneychuk asarlarini tarjima qildi va ular haqida maqolalar yozdi.

O‘zbek xalq og‘zaki ijodining ajoyib durdona asari «Alpomish» dostoni birinchi marta Hamid Olimjon tomonidan nashrga tayyorlanib, so‘z boshi bilan (1938) chop etildi. U Alisher Navoiyning 500 yilligini o‘tkazish yubileyi komitetining a’zosi sifatida ulug‘ shoir hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. 1939 yildan to 1944 yilda avtomobil halokatiga uchrab, dunyodan ko‘z yumganiga qadar O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasiga rahbarlik qildi.

Shoir o‘zining «Daryo kechasi» (1936), «Chirchiq sohillarida» (1937), «O‘lka» (1939), «Baxt» (1940) to‘plamlari, «Ikki qizning hikoyasi» (1935-1937), «Oygul bilan Baxtiyor» (1937), «Zaynab va Omon» (1938), «Semurg‘» (1939) dostonlari bilan o‘z davrining ilg‘or g‘oyalarini tarannum etdi.

Ikkinchi jahon urushining olovli yillarida uning «Muqanna» nomli she’riy dramasi yaratildiki, u hanuzgacha dramaturgiyamizning gultoji bo‘lib kelayotir. Iste’dodli shoir Hamid Olimjonning ko‘pchilik asarlari qardosh xalqlar va xorijiy xalqlar tillariga tarjima qilingan.

 Xurshid DAVRON kutubxonasi.

BO‘LSAM

Na bo‘lg‘ay bir nafas men ham yonog‘ing uzra xol bo‘lsam,
Labing yaprog‘idan tomganki go‘yo qatra bol bo‘lsam.

Butog‘ingga qo‘nib bulbul kabi xonish qilib tunlar,
O‘pib g‘unchangni ochmoqliqqa tong chog‘i shamol bo‘lsam.

Bo‘yingni tarqatib olamni qilsam mastu mustag‘riq,
O‘zimning san’atimga so‘ng o‘zim hayratda lol bo‘lsam.

Sening birla qolib bu mastu lol olamda men yolg‘iz,
O‘zimni ham topolmay, mayliga, oxir xayol bo‘lsam.

Agar bog‘ingda gul bo‘lmoq mening-chun noravo bo‘lsa —
Ki, ming bor roziman qasringga hattokim duvol bo‘lsam.

Boshim hech chiqmasa mayli malomat birla bo‘htondin,
Raqiblar rashkiga ko‘krak keray, mayli, kamol bo‘lsam.

Kezib sahroyu vodiylar yetishsam bir visolingga,
Fido jonimni qildim yo‘lingga, mayli, uvol bo‘lsam.

(1943 yil)

 

ENG GULLAGAN YoShLIK ChOG‘IMDA…

Eng gullagan yoshlik chog‘imda,
Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.

Shunda ko‘rdi ko‘zim bahorni,
Shunda qalbim tanidi yorni.

Qushlar sayrar jonimga payvast,
Men sevgining bo‘yi bilan mast.

Kuni bilan dalada qoldim,
Lolazorlar ichra yo‘qoldim.

Quchoq-quchoq gullar terganim
Va keltirib senga berganim

Kechagiday hamon esimda,
Har soniya, har on esimda.

Shundan beri tilimda oting,
Shundan beri dilimda oting.

Eng gullagan yoshlik chog‘imda,
Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.

(1937 yil)

 

XAYoLIMDA BO‘LDING UZUN KUN…

Xayolimda bo‘lding uzun kun,
Seni izlab qirg‘oqqa bordim.
Och to‘lqinlar pishqirgan tunda,
Topib ber, deb oyga yolvordim.

Ishon, bunda seni doimo
Esga solar chiroyli tunlar,
Sho‘x yulduzlar, salqin saharlar,
Esga solar baxtiyor kunlar.

Toleimning oshinosi sen,
Sen sevgimning ko‘kargan bog‘i.
Sening bilan birga iqbolim,
Ishonchimning sen vafo tog‘i.

Meni qurshar salqin bir havo,
Suv ustidan tun quyuladi.
Shunda qancha-qancha gaplarni
Esga solib oy ham to‘ladi.

Kecha jim-jit, yolg‘iz to‘lqinlar
Pishqiradi bilmay tinimni.
Hiylagar oy, sehrgar dilbar,
Solib qo‘yding yodimga kimni?..

(1936 yil)

 

Hamid OLIMJON.