"Abituriyent-2024":Test sinovlari 14 iyulda boshlanadi
Bu yilgi test sinovlari qayerda va qanday o‘tishi barchani birdek qiziqtiradi. Ushbu savollarga Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i Vohid Sirliboyev javob berdi.
- Davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda ikki bosqichda amalga oshirilishi belgilangan, - deya gap boshladi V.Sirliboyev. - Hozirda birinchi bosqichda abituriyentlar 5 iyundan 25 iyunga qadar test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. Viloyatda test topshirish hududini tanlab, ro‘yxatdan o‘tganlar soni 93092 nafarni tashkil etdi. Shundan, test sinovida qatnashadiganlar soni 84255 nafardan iborat. Respublikamizda bakalavriat kirish test sinovlari ertaga, 14 iyul sanasidan boshlanadi.
Joriy yilda ham test sinovlari ikki navbatda o‘tkaziladi. Birinchi navbat soat 08:00 da, ikkinchi navbat soat 15:00 da boshlanadi.
Abituriyentlardan test sinovlari boshlanishidan kamida 1 yarim soat oldin belgilangan hududga pasport yoki ID-karta, abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishlari talab etiladi.
Test sinovlari o‘tkaziladigan hududlarda ota-onalar uchun kutish joylari hozirlangan. Shuningdek, asosiy hududda Afrosiyob futbol stadioni tribunalari, Gagarin ko‘chasidagi ikkinchi hududda esa kurash zalida katta ekranlarda jarayonni onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Hozirda Samarqand shahrida katta sig‘imli yopiq binolar – Sharof Rashidov nomidagi SamDU akademik litseyi sport zali (Rudakiy ko‘chasi 243-uy), O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti jismoniy madaniyat fakulteti sport zali (Dahbet ko‘chasi 18-uy), Samarqand sport o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabining 3 ta sport zali (Rudakiy ko‘chasi 243-uy), Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati 2 ta sport zali (Gagarin ko‘chasi 85-uy)da bir navbatda 3540 nafar abituriyentga mo‘ljallangan joylar tayyorlangan.
Test sinovlari o‘tkaziladigan barcha zallar havo haroratini mo‘’tadil saqlab turuvchi yuqori quvvatli konditsioner qurilmalari bilan ta’minlangan. Abituriyentlar uchun ichimlik suvi (0,5 l) va ruchka zaxirasi yaratilgan. Jarayon adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida binolar guruh sonidan kelib chiqqan holda yetarlicha kameralar, identifikatsiya va videofiksatsiya qurilmalari bilan jihozlangan.
Xurshida ERNAZAROVA.