Ahmadjon Muxtorov topshirig‘i bilan...

 Past Darg‘om tumaniga borib, muxbirlar sulolasi haqida surishtirsangiz, avvalo, Katta Naymancha qishlog‘ida yashovchi Nasriddin bobo va G‘ulomjon Eshquvvatovning nomlarini tilga olishadi.

Bu bejiz emas. Rahmatli Nasriddin bobo 60 yil davomida jamoatchi muxbir sifatida nafaqat “Zarafshon” gazetasi, balki Past Darg‘om, Nurobod tumani va Kattaqo‘rg‘on shahri gazetalariga, shuningdek, O‘zbekiston radiosiga maqola, xabar, yangiliklar yozdi. O‘g‘li G‘ulomjon aka ham ota yo‘lidan borib, 15 yoshidan gazetalarga kichik maqolalar jo‘natib turdi.

- Ilk maqolam 1972 yilda «Past Darg‘om haqiqati»da, 1973 yilda esa «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasida chop etilgan, - deydi G‘ulomjon Eshquvvatov. - 1975 yilda o‘rta maktabni bitirgach, tumanimizda yozgi dala yumushlari qilinayotgani bilan bog‘liq reportaj yozib, “Lenin yo‘li”ga olib keldim. Koridorda bosh muharrir Ahmadjon Muxtorov ko‘rib: “Sen Past Darg‘omdan - Nasriddin Eshquvvatovning o‘g‘lisan-a”, dedi. Muharrirning salobatidan gapimni yo‘qotib, salom berishni ham unutib “Ha... ha”, deya oldim, xolos. “Xabarlaringni o‘qib turaman, barakalla. Nechanchi sinfda o‘qiysan?”, deb so‘radi. “Maktabni bitirib, kecha attestat oldim”, dedim. “Zo‘r bo‘bdi-ku, jurnalistikada o‘qishga xohishing bormi?”, dedi qo‘limdan reportaj yozilgan varaqni olib ko‘z yugurtirarkan. “Ha, maqsadim shu”, dedim. “Unday bo‘lsa, senga mendan topshiriq: ertagayoq Toshkentga borib, hujjatlaringni ToshDUga topshirasan. Hozir esa xodimlarning xonalariga kirib, suhbatlashib tur, senga yo‘llanma yozib beraman”.

...Shu kuni muharrir kotibasi Ahmadjon Muxtorov imzosi bilan Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirishim uchun “Tahririyatimizga G‘.Eshquvvatov kabi iqtidorli yosh kadrlar kerak”, degan mazmunda yo‘llanma tutqazdi. Xursandchiligimni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmasdi.  Chunki u paytlar tahririyat yo‘llanmasi o‘qishga kirish uchun yaxshigina imkoniyat edi.

Ertasi kuni Toshkentga borish oldidan otam “Bosh muharrirga minnatdorchilik bildiray”, dedi va birga “Lenin yo‘li” redaksiyasiga keldik. Ahmadjon aka obkom partiya yig‘ilishiga ketgan ekan. Kotiba o‘sha kungi gazetani qo‘limizga tutqazdi. Ikkinchi sahifada mening dala yumushlari haqidagi reportajim berilgan ekan. Katta gazetada katta maqolam va o‘zimning ism-familiyamni ko‘rib shunchalar quvondimki, qanotim bo‘lsa, uchib ketsam...

Shu bo‘ldi-yu, ToshDUga hujjat topshirib, jurnalistika fakultetining sirtqi yo‘nalishida o‘qishni boshladim. Past Darg‘om tumani bosmaxonasida bir muddat harf teruvchi bo‘lib ishlab, keyin «Past Darg‘om haqiqati» gazetasida korrektorlik vazifasiga o‘tdim. Shu vaqtda yana yo‘lim “Lenin yo‘li”ga tushdi. Tasodifni qarangki, taqdir meni yana bosh muharrir bilan duch qildi. Birozgina ijodiy suhbatdan keyin “Xabaring bo‘lsa, o‘tgan yili Jizzax oblasti tashkil etildi. Ko‘pchilik hamkasblarimizni “Jizzax haqiqati” va yangi ochilgan tumanlar redaksiyalariga ishga jo‘natdik. Ma’qul bo‘lsa, cho‘l gazetalariga ishga jo‘nataman”, dedi. “Ota-onam bilan maslahatlashib ko‘ray”, degan javobni aytdim.

G‘ulomjon akaning aytishicha, bu taklif uydagilariga ma’qul tushib, Ahmadjon Muxtorovning ikkinchi topshirig‘i bilan Jizzax viloyati Paxtakor tumaniga borib, bosmaxonada ish boshlagan. Ko‘p o‘tmay, qo‘shni tuman - Oktyabr (hozirgi Zafarobod) rayonidagi «Oktyabr g‘alabasi» (hozirgi «Zafar yo‘lidan») gazetasi tahririyatiga muxbirlikka ishga qabul qilingan. Ushbu tahririyatda oz emas-ko‘p emas, naqd 30 yil muxbir, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib vazifalarida ishlagan, Zafarobod tuman bosmaxonasi direktori vazifasini ham bajargan.

- Yaxshi odamlarning birgina gapi ham hayotingni bezaydi, deganlari rost ekan, - deydi G‘ulomjon Eshquvvatov. – Ahmadjon akaning qisqa, ammo yillarga tatigulik nasihati, taklifi va ko‘magi bilan hayotim jurnalistika bilan bog‘landi. Elda obro‘ topdim. Bir necha bor tanlovlar g‘olibi bo‘ldim, «Ijoddagi qo‘sh qanot», «Taqdir hazili» kabi kitoblarim chop etildi. Bugun nafaqadaman, ammo qalamimni qo‘ldan qo‘ymayman. Har gal yoshligimni eslaganimda, Ahmadjon Muxtorovni xotirlab, haqiga duo qilaman.

***

Quyida G‘ulomjon Eshquvvatovning “yon daftari”da yozilgan jurnalistlar hayoti bilan bog‘liq hikoyalarni o‘qiysiz.

***

«Uch nuqtadan qutulmoq kerak!»

«Zafar yo‘lidan» gazetasi muharriri Shomurod Mavlonov kadr tanlashda ancha talabchan edi. Tahririyatdagi kotiba qiz ishdan ketgach, uning o‘rniga xodim izlay boshladik.

Gazetaning hamma materiali kotibaning yozuv mashinkasidan o‘tgach, bosmaxonaga terishga berilar, shuning uchun bu vazifaga savodli qizlar kerak edi. Bir nechta qiz bu vazifaga talabgor bo‘lib keldi. Ularni sinash uchun muharrir matnni aytib turib yozdira boshladi. Qizlardan biri matnni yozib bo‘lgach, muharrir menga «Mana shu matnni o‘qigin-chi, yaxshi yozibdimi?» deya uzatdi.

Men yozuv mashinkasidan chiqqan matnni o‘qir ekanman, barcha tinish belgilari so‘z bilan yozilganini, hatto «xat boshi» ham matn davomida yozib ketilganini ko‘rib, bu haqda muharrirga aytdim.

- Iye, nuqta, tire, uch nuqta, xat boshi, deb yozibdimi? Agar bu qizni ishga olsak, ertaga hammamiz tinish belgilarisiz qoladiganga o‘xshaymiz. «Uch nuqtadan» tezroq qutulmoq kerak, degan edi Shomurod aka.

***

Chiqarsa ham bo‘laveradi

«Past Darg‘om haqiqati» gazetasida Suyun aka degan oqsoqol ishlardi. Bir kuni yosh xodimlardan To‘raqul va G‘afur uning qitig‘iga tegishmoqchi bo‘lishdi. Ular «Yosh leninchi» (hozirgi «Turkiston») gazetasida chiqqan bir she’rni ko‘chirib olib, oqsoqolga yuzlanadi:

- Suyun aka, mana shu she’rni bir ko‘rib bersangiz?

Oqsoqol qog‘ozni olib, bir u qatorini, bir bu qatorini chizdi. Va nihoyat she’rni ko‘rib tugatdi.

- Qani, nima deysiz? - Toqatsizlanib so‘rashdi shogirdlar.

- Bu she’r umuman to‘g‘ri kelmaydi. Uni she’r qilguncha ancha ishlov berish kerak.

- Gazetaga bersakmi, degandik-da.

- Mutlaqo...

Shunda qitmir shogirdlar she’r chop etilgan gazetani unga ko‘rsatib:

- Axir, bu she’r respublika gazetasida chiqqan-ku, - deyishdi.

Shunda Suyun aka pinagini ham buzmay:

-O‘sha gazetada ham senlarga o‘xshagan qitmirlar, menga o‘xshagan oqsoqollar ishlaydi. O‘zlari kelishib, har qanday she’rni ham chiqaraverishadi-da, - dedi beparvo.

Oqsoqolning bu gapidan shogird yigitlar mulzam bo‘lishdi-da, sekingina o‘z xonalariga chiqib ketishdi

***

«Material kerak edi»

Kabinetda o‘tirib ijod qilishga o‘rgangan gazeta xodimasi savdo tarmoqlaridan biriga qo‘ng‘iroq qildi. Telefon go‘shagini kimdir oldi.

- Bu savdo idorasimi?

- Ha, kim kerak edi?

- Boshliq bormi?

- Yo‘q. Men o‘rnidaman. Kim so‘rayapti, nima xizmat?

- Tahririyatdanman, material olmoqchi edim.

- Ayollarbopidanmi yo erkaklarbopidan?

- Yo‘q, tushunmadingiz, gazetabopidan.

- ...Unda, uzr, boshliqqa uchraysiz.

G‘ulomjon EShQUVVATOV.