Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Biz vafo topdik…

Bir go‘zal boqdi qiyolab jilva-noz, iffat ila,

Tenglashur sayyoralarga oy yuzi tal’at ila.

 

Sayri bog‘ etsa chamanda nozlanib ul sarvinoz,

Husnini ko‘rganda oshiq bo‘ldi lol hayrat ila.

 

Xonishi gulshan aro bulbul navosin eslatur,

Shu sabab xalqiga yoqdi mehnatu san’at ila.

 

Ikki shahlo ko‘zlaringga, oshig‘ing bo‘ldim desam,

Ul go‘zal deydi: «Avval o‘zni tanit xizmat ila».

 

Biz vafo topdik, musaffo mehnatu ishqing bilan,

Elga manzurli yasharmiz ikkimiz ibrat ila.

 

***

 

Baxtimiz topdik vatandan dilrabo yorim bilan,

Yerga bo‘lgan bu muhabbat qalb aro borim bilan.

 

Ahdu paymon qildigu va’daga aylab vafo,

Totli o‘tdi bori umrim sevgili yorim bilan.

 

Oshiq uchun yor ila bo‘lmoqdin o‘zga baxt yo‘q,

Bir umrga birga bo‘lgum chin vafodorim bilan.

 

Istamam sayr aylamoqni o‘zga yor ostonasin,

Baxtiyorman men hayotda yorim-bahorim bilan.

 

Shodlanib shoir Inoyat yurtining gulzorida,

Yor vasfin kuylagayman qo‘ldagi torim bilan.

 

***

 

Go‘zal xushbo‘y ko‘katlardan mudom toza havo kelgay,

Adirlardan nafas olsang, esib xushbo‘y sabo kelgay.

 

Esib xushbo‘y muattar hid, shifo bo‘lgay ko‘ngillarga,

O‘shal xushbo‘y adirlardan ko‘ngilga xush davo kelgay.

 

Ochib ko‘ksim havolarga, tabiatga quloq tutsam,

Havo birlan tanim yayrar, yoqimli kuy-navo kelgay.

 

Butun borliq go‘yo gulshan, adirlarda yonib lola,

Tanim rohat topib izzat, go‘zallikdan safo kelgay.

 

Umrlar ham kelar bir bor, yasha doim quvonch birlan,

Orom olsin Inoyating, malohatdan vafo kelgay.

 

Tilab oldim

 

Seni tilab oldim gullar qatidan,

Vafoning suviga chaydirib oldim.

Azalsan, go‘zalsan g‘azal baytiday,

Husningga termulib hayratda qoldim.

 

Ko‘nglingga ne kelsa qilaman hozir,

Sevgining yo‘lida emasman-ku yosh.

Qalbingda saqlama vafodorim sir,

Muhabbat, sog‘inchga beraman bardosh.

 

Yalinaman

Senga yalinaman, sovuq qarama,

Ko‘nglimni ezmagin, bermagin azob.

Nigohing ko‘ksimga sanchildi, dema,

Yuragim qiynalib chekar iztirob.

 

Ulug‘vor yoshimga qo‘ymagin talab,

Bag‘rimga olsam-u, quvonchga to‘lsam.

Sochlaring tolasin bo‘ynimga bog‘lab,

Saharda to‘lg‘onib, o‘lib qutulsam…

Inatillo RUSTAMOV,

Kattaqo‘rg‘on tumani.