Deputat issiqxona qurish uchun saylovchisiga foizsiz kredit berishini aytdi

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati O‘ktam Saidmurodov Jomboy tumani Nazar qishlog‘idagi xonadonlarda bo‘lib, o‘z saylovchilarining tomorqadan qanday foydalanayotgani bilan qiziqdi.

6 sotix tomorqasida dehqonchilik qilib kelayotgan Abdusattor Xushvaqtov hovlisidagi sabzavotlarni yig‘ishtirib olgandan so‘ng issiqxona qurish istagi borligini bildirib, bankdan imtiyozli kredit olishda deputatdan yordam so‘radi. Deputat esa bu fuqaroga bankdan foizli kredit o‘rniga issiqxona uchun jihozlarni o‘zi faoliyat ko‘rsatadigan “Stekloplastik” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan foizsiz, qarzga ajratishini aytdi.

Shuningdek, nogironligi bor farzandni tarbiyalayotgan yolg‘iz ona S.Namozovaning tomorqasiga ekish uchun urug‘lik va ko‘chat yetkazib berishini aytdi.

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 18 aprel kuni o‘tkazilgan sessiyasida viloyat hokimi E.Turdimov har bir deputat o‘z saylov okrugidagi aholi xonadonlarida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borishi kerakligini ta’kidlagan edi.