Dunyoda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 80 yilda qariyb 30 yilga uzaydi
Mamlakatimizda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,1 yoshni tashkil etmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesusning ma’lum qilishicha, 1945-yilda dunyo bo‘yicha o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 45 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 73,5 yoshga yetdi.
So‘nggi sakson yil ichidagi bunday o‘sish dinamikasi Yer yuzida qirg‘inbarot urushlar kamayishi, ijtimoiy taraqqiyot va eng asosiysi, jahon tibbiyotidagi yutuqlar bilan bog‘liq.
Masalan, hozirgi kunda dunyoda yashovchi bolalarning 80 foizdan ortig‘i qizamiq, qoqshol, difteriya va pnevmoniya kabi xavfli kasalliklarga qarshi emlanmoqda.
Ilgari bu ko‘rsatkich atigi 5 foizni tashkil etganini hisobga olsak, rivojlanish tendensiyasi jadal sur’atda davom etayotgani ma’lum bo‘ladi.
Shuningdek, keyingi 25 yilda OIV/OITS, bezgak va sil kasalliklari tufayli o‘lim holatlari sezilarli darajada kamaygan. Onalar va bolalar o‘limi ham keskin qisqargan.
JSST rahbari global tahdidlar haqida ham ogohlantirdi. U pandemiyalar chegara bilmasligi, qisqa vaqt ichida butun dunyo bo‘ylab tarqalishini ta’kidladi.
“Qolaversa, iqlim inqirozi — yana bir jiddiy muammo. Agar bunday global tahdidlarga qarshi birgalikda kurashilmasa, vaziyat yildan yilga yomonlashishi mumkin”, dedi Tedros Gebreyesus.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda mamlakatimizda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,1 yoshni tashkil etmoqda. "O‘zbekiston — 2030" strategiyasiga ko‘ra, 2030 yilga kelib, bu ko‘rsatkichni 78 yoshga yetkazish ustuvor maqsad sifatida belgilangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.