“Ey Navoiy, boda birla xurram et ko‘nglung uyin”

Samarqand viloyat o‘lkashunoslik muzeyida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiy ijodiga ehtirom” nomli maqom kechasi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat namunali “Maqom” ansamblining iste’dodli xonanda va sozandalari tomonidan Navoiy g‘azallaridan iborat maqom kuy va ashulalari yangradi. 

- Maqom qalblarga kirib boruvchi, ularni hayajonga soluvchi, ruhiy va ma’naviy ozuqa beruvchi milliy san’atimizdir, - deydi maqom ansambli badiiy rahbari Abdunabi To‘xtayev. - Milliy maqom kuylarimizning aksariyati hazrat Navoiy bobomizning g‘azallaridan tarkib topgan. G‘azallarning har bir bayti o‘ziga xos ohangga ega. Bugungi maqom kechamizda ham “Sarparda”, “Ey sabo”, “Sayqal”, “Bo‘lmish”, “Safti suvora” hamda “Naqshi navo” kabi g‘azallar ijro etildi. Endi maqom kechalarini Nurobod va Past Darg‘om tumanlarida o‘tkazishni ham rejalashtirganmiz. Zero, viloyatimizning chekka hududlarida ham aholi jonli ijrodagi maqom kuylaridan bahramand bo‘lsin.  

Nasiba Jonto‘rayeva.