Halovatga yo‘g‘rilgan umr

Taniqli shifokor va pedagog Mannon Rahimov siymosiga chizgilar

Toyloqdagi Kattaravot mahallasida yashovchi bu xonadonni halovat markazi deyishadi. Gap shundaki, xonadon egalari Mannon va Gulchehraxon ko‘p yillik ibratli hayotlari tufayli ana shu maskanda osoyishta umr kechiradilar. Ularning nafaqat inoqligi, balki ertalabdan kechgacha oila, ro‘zg‘or tashvishlaridan halovat topishlariga havas qilishadi. Xususan, Mannon ixchamgina bog‘ parvarishida xuddi tajribali bog‘bonlardek mehnat qiladi. Umuman u talabaligidan ortiqcha vazn va ortiqcha gapni ko‘tara olmasdi. Shu tufayli bo‘lsa kerak, bugun chaqqonligi, ixchamligi, g‘ayrat-shijoati vujudiga tetiklik bag‘ishlaydi. 

Buning ustiga bu xonadonda "bobo stipendiyasi" tashkil etilgan. Ya’ni Mannon (4 nafar qiz, bir o‘g‘il otasi) 15 nafardan iborat nabira va chevaralariga yaxshi o‘qiganligi, odobda namuna bo‘lganligi hamda iqtidori uchun yarim yillik o‘quv yili natijalariga qarab, stipendiya joriy qilgan. Bu bor gap. Axir 60 yil tibbiyot bilan shug‘ullangan, 55 yil hamkasb turmush o‘rtog‘i bilan mazmunli umr kechirgan Mannon do‘stimiz ilm, farosat rag‘bati nimaga qodir ekanligini yaxshi biladi-da. 

Aynan shuning uchun ham Dillola, Shahnoza, Madina ota-ona kasbini tanlashdi. Iroda - o‘qituvchi, Ulug‘bek Germaniyada zamonaviy dasturchilik kasbini egalladi, Shoira nemis tili filologiyasi bo‘yicha falsafa doktori, dotsent darajasiga erishdi. Nabiralardan to‘rt nafari allaqachon oliy, uch nafari o‘rta-maxsus ma’luot olib, elga xizmat qilishmoqda, ikki nafari institutda talaba, uch nafari Prezident maktabida o‘qiydi. "Olmaning tagiga olma tushadi", deganlari shu bo‘lsa kerak.

Darvoqe, halovat haqida gapirdik. Bu oyoqni uzatib, fe’lni keng, ko‘ngilni to‘q qilib yotib olish emas. Halovat farzandlardan ko‘ngilning to‘q bo‘lishi, farzandlar timsolida o‘zini ko‘rishi, umrining besamar o‘tmaganligini his qilishidir. Zero, har qanday halovatga mashaqqat va tashvish bilan erishiladi. M.Rahimov ana shu yo‘lni sabot bilan bosib o‘ta oldi. 1963-yilda Samarqand zooveterinariya texnikumini tugatgach, Samarqand davlat tibbiyot institutining davolash fakultetida o‘qidi. Moskvada nufuzli oliygohda aspiranturada o‘qib, 1975-yilda nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 

Bu tasodifiy hol emas edi. Biz kursdosh sifatida ham Mannondagi bu jo‘shqinlik va shijoatni ko‘rganmiz, undan ibrat olganmiz. Shu boisdan ham Samarqand davlat tibbiyot instituti jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasida ishlash jarayonida yaratgan qo‘llanmalari, risolalari, ilmiy to‘garaklarda erishgan yutuqlarni odatiy hol, deb qabul qilganmiz. Bundan tashqari, u sobiq ittifoq davrida qayerda o‘z sohasi bo‘yicha ilmiy-amaliy anjuman bo‘lsa, borishdan, o‘rganishdan, malaka oshirishdan erinmasdi. 

Men uchun faxrlisi shundaki, 1989-yildan keyin Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i asosida M.Rahimov 2008-yilga qadar Samarqand tayanch tibbiyot kolleji direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida bu ilm maskanini respublikada namunali bo‘lishiga munosib hissa qo‘shdi. Shaxsiy ibrati, talabchanligi bilan mehnat intizomini mustahkamlashga erishdi. A’lochilarni, ichki intizomi kuchli yoshlarni rag‘batlantirish orqali talabalar o‘rtasida obro‘ga ega bo‘ldi.

16 ta o‘quv-uslubiy ishlanmalar yaratdi. 10 dan ziyod turli yirik ilmiy anjumanlarda ma’ruzalar qildi. Buning evaziga ko‘plab mukofotlar oldi, muhimi, jamoa, barcha hamkasblar o‘rtasida hurmat qozondi. 

M.Rahimov bugun 80 yoshini qarshilamoqda. Aslida u hech qachon hashamga, shuhratga, dabdabaga berilmagan. Oila, do‘stlar davrasida e’tiborli bo‘lishni baxt deb tushunadi. Buning ustiga farzandlar, nevara-chevaralar kamoloti Mannon va turmush o‘rtog‘i, taniqli shifokor Gulchehraxonning ko‘ngliga taskin berib turibdi. Binobarin bu taskin baxtdan ham oliyroq tuyg‘udir. Barchamizni shu kunlarga yetkazsin. 

Rahmon MUHAMMADIYEV,

tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Qahramoni.

Yaxshinor ALLAYOROV,

Samarqand davlat tibbiyot universiteti professori.