Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hamkasblar yodi: Mohir jurnalistlar Boboqul Imomov va Adham Hayitovning ijod yo‘li katta maktab edi

«Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasi tahririyati nafaqat Samarqandda, balki respublikamizning turli joylarida yashab, ijod qilgan ko‘plab qalamkashlarga ma’naviy beshik vazifasini o‘tab kelgan.

Shunday ma’rifatli, sohir qalb egasi Boboqul Imomov ham shu muqaddas, ulug‘ dargohda qalam tebratgan, o‘zining yorqin ijodi bilan tilga tushgan ajoyib jurnalist edi.

Boboqul akaning tarjimai holi bilan tanishish jarayonida juda ko‘p tarixiy hujjatlarga, gazetachilik bilan bog‘liq ko‘pdan-ko‘p voqealarga duch keldik. Ularda bitilgan satrlar, keltirilgan raqam va dalillar Boboqul Imomov bir umr o‘z kasbiga mehr-muhabbat ila yondashib, sadoqat bilan el-yurtga sodiq xizmat qilganligini ko‘rsatadi. Mehnat daftarchasidagi yozuvlar uncha ko‘p emas. Bor-yo‘g‘i sakkiz banddan iborat, xolos.

Boboqul Imomov 1918 yilda Samarqand shahridagi Yalangbek mahallasida tug‘ilgan. 1945 yilda «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasiga maxsus muxbir vazifasiga ishga qabul qilingan. 1949 yilda viloyat kitob savdosi idorasida kitobni ommalashtiruvchi bo‘lib ishlagan. 1954 yilda O‘zbekiston radiosining viloyat bo‘yicha maxsus muxbiri etib tayinlangan. 1955 yilda yana «Lenin yo‘li» gazetasi tahririyatiga adabiy xodim sifatida ishga olingan.

Boboqul aka qayerda ishlamasin, tahririyat u uchun haqiqiy ijod maktabi, ko‘ngil mulki bo‘lib qoldi. Yozganlaridan huzur-halovat topdi.

1960-1970 yillarda Samarqand viloyati Jizzax, Navoiy va Sirdaryogacha cho‘zilgan hududlarni qamrab olgandi. Boboqul aka qishloq xo‘jaligi bo‘limining zabardast muxbiri sifatida viloyatning chekka-chekka tumanlariga, qishloqlariga hech og‘rinmay, hafta-o‘n kunlab borib keladigan yakka-yagona xodim ekanligini hamkasblarimiz faxrlanib gapirib berishgan. Mana ulardan biri:

Boboqul aka muharrir topshirig‘i bilan Forish tumanidagi Qorabdol qishlog‘iga yuboriladi. Qishli-qirovli kunlar. Masofa uzoq. Ulov yo‘q hisobi. Amallab, bir necha yemish tashuvchi traktorda yetib kelgan muxbirni sovxoz direktori hayron bo‘lib so‘roqqa tutadi:

- Siz chindan ham muxbirmisiz?

- Ha.

- Samarqanddan keldingizmi?

- Shunday.

- Aft-angoringizga qaraganda duppa-durust odamga o‘xshaysiz-u, ishingizni sog‘ odam qilmaydi. Biz Nurotaga borolmay o‘tiribmiz. Siz esa bitta maqola yozaman, deb hayotingizni tahlikaga qo‘yibsiz.

Shunday qilib, qorabdolliklar hayotidan hikoya qiluvchi maqola o‘sha kunlar gazetada bosiladi.

Boboqul Imomovning o‘zi bu va boshqa voqealar xususida ham maroq bilan xotirlardi. Jumladan, Ikkinchi jahon urushi yillarida tahririyatga bosh muharrirlik qilgan davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov bilan kechgan kunlar Boboqul aka uchun unutilmas lahzalar bo‘lganligini aytgan.

Boboqul Imomov gazetada qirq yil samarali ijod qildi. Pensiyaga chiqqanidan keyin ham tahririyatga kelib turishni, shu kunning mavzuida maqola, xabarlar taqdim etishni kanda qilmagan. Xizmatlari bois orden va medallar bilan taqdirlangan. Eng katta mukofot gazetxonlar, hamkasblar e’tirofi edi. O‘zi yashab turgan mahalla faoli, kasb-korli farzandlar tarbiyalagan ibratli ota sifatida el hurmatini qozongan iqtidorli jurnalist Boboqul Imomov hayoti va faoliyati biz, jurnalistlar, qalam ahli uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib qoladi.

***

O‘z so‘zi, qalamiga ega jurnalist Adham aka Hayitov hayot bo‘lganida bugun 72 yoshga to‘lardi.

“Men talabaligimda, 1973 yilda gazeta axborot bo‘limi xodimi A.Hayitov bilan tanishdim, kasbimiz an’analarini, tahririyatda kimga qanday muomala qilishni o‘rgandim va qadrdon bo‘lib qoldik. Shu sababli xarakterini ham, hayotini ham yaxshi bilardim, - deya eslaydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev. - U o‘ziga xos jurnalist edi. Tanish-bilishi ko‘p, buning ustiga, ko‘p yil ishlaganidan, zukkoligidan odamning ko‘ziga yoki ikki og‘iz so‘ziga qarab, uning fe’lini aytib berardi.

Bu inson tahririyatning hushyor odami edi. Meni qaysi mavzu qolib ketayotganidan, ayrim maqolalar bir yoqlama yozilayotganidan ogohlantirib, ayrim hamkasblarga e’tibor yoki marhumlarning oila a’zolarini yo‘qlash kerakligini ko‘nglimni og‘ritmasdan eslatib turardi. Jamoada ham yoshlarni tartibga chaqirardi. To‘g‘risi, ayrim so‘zlari yoqmasa-da, o‘zimiz ham shu holatga  ko‘nikib qolgandik.

Bir kuni yosh muxbirlarga qaysidir noo‘rin harakati uchun majlisda jiddiyroq dakki berdim. Hamma ketgach, Adham aka huzurimga kirdi va «ukajon, sal qattiq ketdingiz, fe’lni keng qiling, bularga faqat ibrat ko‘rsata olamiz, chunki bular shakllangan odamlar, ko‘proq yozishni o‘rgataylik. Ijodkor fe’li bilan tug‘iladi, fe’lini baribir yashira olmaydi» dedi.

Men guvohi bo‘lganman, Ahmadjon Muxtorovdan boshlab barcha bosh muharrirlar agar nozik masalada shikoyat kelsa, o‘rganishga albatta, Adham akani jo‘natishardi. Kamina ham shunday qilganman”.

Adham akaning mehnat daftarchasida bitta tashkilot yozuvi bor edi: 1972 yilda «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasiga ishga qabul qilingan. Ustoz umrining oxirigacha shu tahririyatda muxbir, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib, bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishladi. Yetmish yilligini nishonlaymiz deb turganimizda, koronavirus tufayli bu olamni tark etdi.

Boboqul Imomov va Adham Hayitov singari fidoyi, jonkuyar jurnalistlar nomi aslo o‘chmaydi.