Hunarmandlarga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi

Prezidentimiz 2023 yil 12 iyunda “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmon qabul qildi. Farmon ijrosiga ko‘ra, hunarmandlarga bir qator qo‘shimcha imtiyozlar berilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov Zarnews.uz’ga batafsil ma’lumot berdi.
- Mazkur hujjatda “Hunarmand” uyushmasining ustuvor vazifasi – hududlarda hunarmandchilik faoliyatining har bir yo‘nalishini alohida yondashuvlar asosida rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, hunarmandchilikning yo‘qolib ketayotgan turlarini saqlab qolish belgilandi, - dedi U.Hakimov. - Farmon ijrosiga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvarga qadar “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi” va “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ga kiritilgan hunarmandlar uchun qator imtiyozlar berildi. Jumladan:
- kalendar yil davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilishdan tushgan tushumning 100 million so‘mdan oshgan, biroq 1 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdori bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;
- tovar belgilarini milliy ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2023 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirishga ajratilayotgan mablag‘larning kamida 70 foizi hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Eng muhim jihatlaridan biri - Kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi etib qayta nomlandi. Bu esa davlatimiz tomonidan hunarmandlarni alohida qo‘llat-quvvatlanayotganidan darakdir.
Hujjatda belgilanishicha, 2023 yil 1 iyuldan boshlab:
- hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari sifatida jo‘natish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (jo‘natish xarajatlarisiz) 50 foizidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi;
- davlat mulki bo‘lgan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlarini hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanish, shu jumladan hunarmandchilik mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun faqat Milliy katalog va Reyestrga kiritilgan hunarmandlarga elektron onlayn-auksion orqali ijaraga beriladi.
Yana bir jihati. Farmonda 2024 yil 1 martga qadar “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tutash hududda 0,3 gektar yer uchastkasida namoyish zali, “Usta-shogird” maktabi va ustaxonani o‘z ichiga olgan Hunarmandlar maskani barpo etilishi rejalashtirilyapti. Bunda samarqandlik hunarmandga ham 100 kvadrat/metrgacha bo‘lgan joylar ijaraga beriladi.