Jurnalistik tekshiruvmi yoki surishtiruv?
Samarqandda o‘tkazilayotgan “Media haftalik”ning uchinchi kunida ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot xizmatlari rahbarlari, mahalliy blogerlar uchun trening mashg‘ulotlari davom etmoqda.
Bugun Milliy kontent markazi mutaxassisi Ulug‘bek Qurbonboyev «Axborot sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati» mavzusida hamda jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev «O‘zbekistondagi islohotlar jarayonini yoritishning muhim yo‘nalishlari» haqida ishtirokchilar bilan tajribalarini o‘rtoqlashyapti.
Qonunchilikda «Jurnalistik surishtiruv» degan tushuncha yo‘q, - deydi Milliy kontent markazi mutaxassisi, huquqshunos Ulug‘bek Qurbonboyev. - 1997 yilda qabul qilingan «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, jurnalistning huquqi sifatida tekshiruv vakolati berilgan. «Jurnalistik surishtiruv» esa noto‘g‘ri tushuncha bo‘lib, faqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralargina surishtiruv vakolatiga ega.
Jinoyat-protsessual kodeksida keltirilgan surishtiruv organlari haqidagi ma’lumotda ham jurnalistik surishtiruv haqida hech narsa keltirilmagan. Surishtiruv protsessual harakat bo‘lib, bu harakatlar turli majburiyatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, jurnalist qandaydir ma’lumotni olmoqchi bo‘lsa, davlat idoralari va boshqa tashkilotlarga murojaat qilishi yoki ikkinchi tomon ma’lumotlarini eshitib, belgilangan tartibda axborotni tarqatishi jurnalistik tekshiruv sanaladi. Ikkinchi tomon jurnalistga asoslangan tartibda ma’lumotni bermasligi ham mumkin, lekin surishtiruv organlariga ma’lumot berishi shart yoki masalaning oxiriga yetishi kerak.